Eron va O‘mon AQSH bilan tinchlik kelishuvi muddati tugashi fonida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda
Avgust 17, 2026. 17:30 • 2 daq
• 114
TEHRON-MASKAT, 17-avgust. /“Dunyo” AA/. Eron va O‘mon kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishi yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda, biroq yakuniy kelishuvga hali erishilgani yo‘q, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CNN” telekanaliga tayanib.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bog‘oiy muzokaralar jiddiy tusda davom etayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar tranzit yo‘nalishi xaritasini kelishib olgan, ammo qo‘shma bayonot va bitimning yakuniy matni hali tayyor emas.
Uning qayd etishicha, mazkur jarayonga bir qancha tashqi ishtirokchilar, jumladan, mintaqada nizo va tartibsizlik saqlanib qolishidan manfaatdor bo‘lgan g‘arazli kuchlar taʼsir o‘tkazishga urinmoqda. Bo‘g‘oz orqali kemalar qatnovi urushgacha bo‘lgan darajadan pastligicha qolmoqda.
Muzokaralar fonida Eron ichki bozor ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. Mamlakatning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif narxlarni oshirish, tarozidan urish va tovarlarni g‘amlab qo‘yish holatlariga qarshi choralar ko‘rishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Eronga qarshi “misli ko‘rilmagan iqtisodiy choralar” tayyorlanayotganini maʼlum qilgandi. Donald Tramp ham Tehronga iqtisodiy bosimni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgan.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof, o‘z navbatida, AQSH va Isroil ko‘zlagan maqsadlariga erisha olmaganini taʼkidladi. “Biz bu urushda haqiqatan ham g‘alaba qozondik”, – dedi u Eron ommaviy axborot vositalariga.
Bugun AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari bo‘yicha dastlabki kelishuvning iyun oyida belgilangan 60 kunlik muddati tugadi, biroq urushni yakunlashning aniq rejasi hozircha eʼlon qilinmadi.
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi