Iyun jaziramasi G‘arbiy Yevropada 12 mingdan ortiq kishining umriga zomin bo‘ldi
Iyul 17, 2026. 17:00 • 2 daq
• 164
BRYUSSEL, 17-iyul. /“Dunyo” AA/. Iyun oyining ikkinchi yarmida G‘arbiy Yevropani qamrab olgan rekord darajadagi issiq havo kamida 12 ming kishining bevaqt vafot etishiga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AFP” agentligi manbasiga tayanib.
Agentlik maʼlumotlari Yevropaning yetti mamlakati bo‘yicha hisob-kitob qilingan. Jumladan, tahlil Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Fransiya va Shveysariyani qamrab olgan. Harorat eng yuqori cho‘qqiga chiqqan 22–28-iyun kunlari ushbu mamlakatlarda o‘tgan yillarning shu davriga nisbatan taxminan 10 mingdan ortiq qo‘shimcha o‘lim holati qayd etilgan.
Buyuk Britaniya meteorologiya xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, 18–28-iyun kunlari Angliya va Uelsda yana 2 ming 200 ga yaqin qo‘shimcha o‘lim holati ro‘yxatga olingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bu o‘limlarning aksariyatining oldini olish mumkin bo‘lganini maʼlum qildi. JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening taʼkidlashicha, jaziramaga nafaqat ob-havo hodisasi, balki sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat sifatida ham qaralishi lozim.
Keksalar ekstremal haroratga nisbatan bardosh bera olmagani maʼlum bo‘ldi. Anomal issiq bilan bog‘liq o‘limlarning aksariyati 65 yoshdan oshgan kishilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yuqori harorat nafaqat oftob urishiga, balki yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklarining qo‘zishiga ham olib kelishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi