Issiqlik taʼminoti sohasida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Avgust 18, 2026. 20:30 • 2 daq
• 8
SANKT-PETERBURG, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash doirasida “Issiqlik taʼminoti” AJ delegatsiyasi tashrif bilan “ANTARUS” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan tashrif doirasida texnik seminar va davra suhbati o‘tkazildi.
Muzokaralarda blokli issiqlik punktlarining konstruktiv yechimlari, shuningdek, O‘zbekistonning “SHNK” va Rossiyaning “SP-510” standartlari o‘rtasidagi farqlar, xususan, energiya samaradorligi talablari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonda uskunalarga uzoq muddatli servis xizmatini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan “IngKomplex” kompaniyasi “Antarus”ning O‘zbekistondagi vakolatli hamkori sifatida tanishtirilib, shef-montaj, ishga tushirish-sozlash va kafolatli xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshirishi belgilandi.
Tashrifning amaliy qismida “Fortus” blokli issiqlik punktlari, “ANTARUS” nasos stansiyalari, “Amperus” avtomatika tizimlari va “Biogard” sig‘imli uskunalar ishlab chiqarish liniyalari bilan tanishildi. Shuningdek, mahsulot sifatini ko‘p bosqichli nazorat qilish tizimi hamda sinov stendlari ko‘zdan kechirildi.
“Antarus” kompaniyasi O‘zbekistonda buyurtmalar hajmi oshgan taqdirda Farg‘ona vodiysidagi erkin iqtisodiy zonalardan birida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini qayd etdi.
Tashrif yakunida “ANTARUS” va “IngKomplex” o‘rtasida muzokaralar natijalari bo‘yicha memorandum imzolandi.
“ANTARUS” MChJ 2013-yilda tashkil etilgan Rossiya kompaniyasi bo‘lib, issiqlik va suv taʼminoti, yong‘indan himoya hamda suv chiqarish tizimlari uchun muhandislik uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning ishlab chiqarish majmuasi 30 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallab, 360 nafardan ziyod mutaxassisni birlashtiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi