Ozarbayjonda bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish taqiqlanadi

Iyul 04, 2026. 10:30 • 2 daq

91
Ozarbayjonda bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish taqiqlanadi

BOKU, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjon Parlamenti voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini cheklovchi qonun loyihasini maʼqulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Deutsche Welle”ga tayanib.

Mazkur hujjatga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga akkaunt yaratish taqiqlanadi. 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar platformalardan faqat qonuniy vakillarning roziligi va nazorati ostida foydalanishi mumkin. Yoshni tekshirish uchun bank kartasi, mobil telefon va elektron pochta orqali shaxsni tasdiqlash mexanizmlari mavjud.

Shuningdek, chora ijtimoiy tarmoqlar egalariga voyaga yetmagan foydalanuvchilarning xavfsizligini taʼminlash majburiyatini yuklaydi. Buning uchun turli zararli kontent tarqalishining oldini olish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish hamda xavfli maʼlumotlarni tezda o‘chirib tashlash talab etiladi. Qoidabuzarliklar uchun jarimalar ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihalari rasman eʼlon qilinganidan keyin 12 oy o‘tgach kuchga kiradi. Ozarbayjonda qonun loyihasini tayyorlashda ushbu sohadagi xalqaro tajriba keng o‘rganildi.

Qonun chiqaruvchilarning fikricha, yangi normalar internet olamida bolalarni himoya qilishni kuchaytirib, xalqaro amaliyot bo‘yicha ushbu jarayonni tartibga soladi.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlagan edi. Cheklovlar 2025-yil dekabr oyida kuchga kirdi. Qoidabuzarliklar uchun ijtimoiy tarmoq egalari javobgardir.

Shundan so‘ng, Fransiya, Norvegiya, Ispaniya va boshqa bir qator mamlakatlarda ham shunday choralar tayyorlanayotgani maʼlum bo‘ldi. Iyun oyida Buyuk Britaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashini eʼlon qildi. Xuddi shu oyda Indoneziyada 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga tegishli 4,7 millionga yaqin ijtimoiy tarmoq akkauntlari faolsizlantirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish