AQSH: Rossiya va Ukraina tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichiga Yevropa vakillarini ham jalb etishga kelishib oldi
Noyabr 13, 2026. 19:30 • 2 daq
• 122
VASHINGTON, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. AQSH prezidentining maxsus elchisi Jared Kushner Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan uch kunlik diplomatik muloqotlar yakuniga ko‘ra, tomonlar muzokaralarning navbatdagi raundiga Yevropa tomonini ham qo‘shish orqali uning doirasini kengaytirishga kelishib olganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, 10–11-noyabr kunlari Moskva va Kiyev vakillari AQSH vositachiligida Abu-Dabida muzokaralar o‘tkazgandi. 12-noyabr kuni Jared Kushner va maxsus elchi Stiv Uitkoff boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi, so‘ngra Dublinda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham muzokaralar olib bordi.
“Yevropaliklar navbatdagi uchrashuvga qo‘shiladi, buni biz juda muhim bosqich deb bilamiz”, – dedi Stiv Uitkoff Kremldagi uchrashuvdan so‘ng Rossiya OAVga.
AQSH vakillarining bildirishicha, tomonlar o‘zaro pozitsiyalarni tushunish va nizoni hal etishning ehtimoliy yo‘llarini belgilashda siljishga erishgan. Shuningdek, ular minglab odamlar o‘z uylariga qaytishiga imkon beradigan keng ko‘lamli harbiy asirlar almashinuviga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ham ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas bo‘lg‘usi muzokaralarda Yevropa tomoni nomidan Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Kallasning shaxsan o‘zi qatnashishi kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining o‘zida Yevropa mamlakatlarining ishtirok etish formati bo‘yicha bahslar davom etmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya yetakchiligidagi hamda ayrim hollarda ularga Italiya va Polsha ham qo‘shiladigan E3 formatini saqlab qolish tarafdori bo‘lmoqda.
Bu bo‘yicha Dublinda o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida 40 ta Yevropa davlati vakillari Yevropa xavfsizligining asosiy tamoyillarini aks ettiruvchi “xartiya” bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bunda Fransiya tashabbus ko‘rsatdi.
Hujjatda gibrid tahdidlar, terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish choralari belgilab qo‘yilgan. Ishtirokchilar qit’a xavfsizligiga daxldor qarorlarni qabul qilishda Yevropa davlatlarining pozitsiyasini inobatga olish shartligini ta’kidladi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi