AQSH, Xitoy va Rossiya prezidentlari kelasi hafta Xitoyning Shenchjen shahrida uchrashishi mumkin

Noyabr 13, 2026. 21:00 • 2 daq

• 91
AQSH, Xitoy va Rossiya prezidentlari kelasi hafta Xitoyning Shenchjen shahrida uchrashishi mumkin

SHENCHJEN, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezidentlar Donald Tramp, Vladimir Putin va Si Szinpin 18–19 ҳ-noyabr kunlari Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (OTIH) sammiti doirasida uchrashishi mumkin, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Sammitga XXR Raisi Si Szinpin raislik qiladi. Tadbirda AQSH va Rossiya prezidentlaridan tashqari Filippin, Kanada, Avstraliya, Meksika, Indoneziya, Malayziya, Janubiy Koreya va Vetnam yetakchilarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Ayniqsa, uch davlat rahbarlarining ehtimoliy muzokaralariga katta e’tibor qaratilmoqda. Muzokaralar chog‘ida yadroviy qurolsizlanish, Ukrainadagi mojaro, AQSH–Xitoy savdo aloqalari, sun’iy intellekt, Yaqin Sharqdagi vaziyat va uning jahon iqtisodiyotiga ta’siri kabi masalalar muhokama qilinishi mumkin.

Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya va AQSH yetakchilari Ukrainadagi mojaroni muhokama qilish uchun Xitoyning Shenchjen shahrida uchrashishini tasdiqladi. Ularning Si Szinpin bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish-o‘tkazmasligi esa hozircha noma’lum.

E’tiborlisi, har uchala davlat yetakchisi 2017-yilda Vetnamning Danang shahrida o‘tkazilgan OTIH sammitida birgalikda qatnashgan va ishtirokchilarning umumiy suratiga tushgan edi. Biroq o‘shanda ular o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tmagan.

OTIH – 1989-yilda Avstraliyaning Kanberra shahrida tashkil etilgan xalqaro iqtisodiy forum hisoblanadi. U Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 21 iqtisodiyotni birlashtirib, savdo, investitsiyalar, iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu birlashma a’zolari hissasiga global YAIMning qariyb 62 foizi va jahon savdosining deyarli yarmi to‘g‘ri keladi.

Shenchjendagi sammit Xitoy mezbonlik qilayotgan shunday nufuzdagi uchinchi tadbir bo‘ladi. Bungacha OTIH yetakchilarining uchrashuvlari 2001- yilda Shanxayda va 2014 -yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan edi.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish