Anqaradan munosabat: Ishonchli sheriklarning keng safiga ega bo‘lgan kuchli O‘zbekiston hamma uchun manfaatlidir
Sentabr 01, 2026. 10:00 • 2 daq
• 149
ANQARA, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Anqara inqiroz va siyosatni o‘rganish markazi (ANKASAM) raisi, professor Mehmet Sayfettin Erol Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining 29–30-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini “Dunyo” AA uchun sharhladi:
— Narendra Modining Toshkentga davlat tashrifi Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar anʼanaviy siyosiy muloqot doirasidan sezilarli darajada tashqariga chiqqan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida nafaqat o‘zaro anglashuv, balki aniq iqtisodiy kun tartibi - farmatsevtika va sog‘liqni saqlashdan tortib, energetika, kimyo sanoati, geologiya, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlikkacha bo‘lgan sohalarda hamkorlik qilish uchun salmoqli umumiy manfaatlar shakllandi.
Gap aynan tizimli hamkorlik haqida ketayotgani alohida eʼtiborga molik. Hindiston uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng barqaror va ochiq hamkorlardan biri sifatida qiziqish uyg‘otadi. Toshkent uchun esa Hindiston o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish ulkan salohiyatga ega bo‘lgan yirik davlatdir.
Bugungi o‘zbek diplomatiyasining kuchli tomonlaridan biri ham aynan shunda. Toshkent o‘z hamkorlarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymaydi, balki jiddiy muloqot olib borishga tayyor bo‘lganlar safini izchil kengaytirib bormoqda. Hindiston bu yerda Xitoy, Turkiya, Yevropa va Fors ko‘rfazi mamlakatlari hamda O‘zbekistonning boshqa hamkorlari qatoridan munosib o‘rin egallaydi.
Men uchun yana bir muhim jihat shundaki, Hindiston O‘zbekistonga kimningdir o‘rnini egallash uchun kelayotgani yo‘q. U o‘z manfaatlari va aniq takliflari bilan kirmoqda, Toshkent esa ushbu takliflarni boshqa hamkorlar taqdim etayotgan imkoniyatlar bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Aynan shu bois O‘zbekiston va Hindistonning yaqinlashuvini Turkiyadan kuzatish g‘oyat maroqlidir. Ishonchli sheriklarning keng safiga ega bo‘lgan kuchli Toshkent O‘zbekiston bilan uzoq muddatli munosabatlar o‘rnatishga samimiy umid bog‘lagan har bir tomon uchun manfaatlidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi