Ispaniyadan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini yaratmoqda
Avgust 02, 2026. 14:00 • 3 daq
• 140
MADRID, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Umum-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvidagi nutqi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvidagi nutqi uning mintaqaviy hamkorlikning zamonaviy modelining asosiy me’morlaridan biri sifatidagi o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.
Aynan O‘zbekiston yetakchisining izchil va uzoqni ko‘zlagan siyosati tufayli Markaziy Osiyo so‘nggi yillarda o‘zaro ishonchsizlik muhitidan ochiq siyosiy muloqot, ishonch va amaliy sheriklik makoniga aylandi. Bugungi kunda bu yo‘nalish Ozarbayjonning qo‘shilishi hamda Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonning yagona hamkorlik maydonini shakllantirish istiqboli bilan makromintaqaviy darajaga ko‘tarilib, yanada rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini yaratish, transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, yagona raqamli xizmatlar, investitsiya platformalari va ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish bo‘yicha tashabbuslar alohida e’tiborga loyiqdir. Bunday yaxlit yondashuv mintaqa kelajagiga oid nafaqat siyosiy o‘zaro anglashuvga, balki uzoq muddatli iqtisodiy integratsiyaga asoslangan strategik qarashni namoyon etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari, energetika infratuzilmasini rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash orqali Markaziy Osiyoni raqobatbardosh ta’lim, fan va innovatsiyalar markaziga aylantirish borasidagi takliflari g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etdi. Bu kabi tashabbuslar global tendensiyalarni chuqur anglashdan dalolat beradi va kelajakda mintaqaning texnologik yetakchiligini ta’minlashga qaratilgandir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratgani ham kam ahamiyatli bo‘lmadi. Yangi iqlimiy tahdidlarga birgalikda moslashishga da’vat etuvchi chaqiriq O‘zbekistonning butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun yuksak mas’uliyat sohibi ekanidan dalolat beradi.
Nutqda gumanitar kun tartibi muhim o‘rin egalladi. O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy rishtalarni ta’kidlar ekan, o‘zaro hurmat, madaniy yaqinlik va ahil qo‘shnichilikka asoslangan yangi umummintaqaviy o‘ziga xoslik shakllanayotganini qayd etdi. Bu yondashuv uzoq muddatli tinchlik va barqarorlik poydevorini mustahkamlaydi.
Sammitning mantiqiy yakuni sifatida mintaqa davlatlarining hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilishini o‘zida mujassam etgan Cho‘lponota deklaratsiyasi qabul qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari mintaqa mamlakatlarini umumiy taraqqiyot, farovonlik va bunyodkorlik maqsadlari atrofida birlashtiruvchi uzoq muddatli strategik kun tartibini shakllantirish qobiliyatini yana bir bor namoyish etdi.
Bugungi kunda aynan shunday bunyodkor va birlashtiruvchi siyosat Markaziy Osiyoning xalqaro nufuzini mustahkamlashning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi