Xitoydan munosabat: O‘zbekiston–Qirg‘iziston Ittifoqchilik shartnomasi mintaqaviy barqarorlikka xizmat qiladi

Avgust 03, 2026. 08:10 • 2 daq

319
Xitoydan munosabat: O‘zbekiston–Qirg‘iziston Ittifoqchilik shartnomasi mintaqaviy barqarorlikka xizmat qiladi

SIAN, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati bosh kotibi Sun Veydun “Dunyo” AAga Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Qirg‘iziston sammiti hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy uchrashuvi haqida fikr bildirdi:

– O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida hukumatlararo muloqotni mustahkamlash, iqtisodiyot, energetika, logistika, qishloq xo‘jaligi hamda madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Tashrifning asosiy voqeasi butun Markaziy Osiyo mintaqasining tinchligi, barqarorligi va birligi uchun muhim bo‘lgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

O‘zbekiston Xitoyning yaqin do‘sti va strategik sherigi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rais Si Szinpin rahbarligida strategik sheriklik munosabatlari tobora yuksalib bormoqda.

Shu yil may oyida Sian shahrida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik forumi o‘tkazildi. Iyun oyida esa Gonkong ma’muriyati rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurdi. Ushbu safar davomida 30 dan ortiq hamkorlik shartnomasi imzolandi.

“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi strategik ahamiyatga ega loyiha sanaladi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari ushbu yo‘nalish bo‘ylab savdo va logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish istagida.

“Markaziy Osiyo – Xitoy” formati vazirlar darajasidagi 14 ta sheriklik platformasini o‘zida jamlagan. Ushbu mexanizm ko‘p qirrali hamkorlik tuzilmasini namoyon etmoqda. Tomonlar yangi turdagi ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt sohalarida munosabatlarni kengaytirmoqda.

Bunga Shanxayda Sun’iy intellekt bo‘yicha butunjahon tashkilotining ta’sis etilishini misol tariqasida keltirish mumkin. Ushbu tuzilmaning ta’sis etilishida O‘zbekiston ta’sischi davlatlar qatoridan o‘rin oldi.

Hozirda tashkilotimiz shu yilning ikkinchi yarmida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining yettinchi uchrashuvi hamda kelgusi yili bo‘lib o‘tadigan “Xitoy – Markaziy Osiyo” uchinchi sammitiga puxta hozirlik ko‘rmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish