Logo

Rossiyadan munosabat: Turkiya O‘zbekiston uchun texnologiya, investitsiya va logistika sohasida muhim ahamiyatga ega

Yanvar 31, 2026. 10:26 • 2 daq

69
Rossiyadan munosabat: Turkiya O‘zbekiston uchun texnologiya, investitsiya va logistika sohasida muhim ahamiyatga ega

MOSKVA, 31-yanvar. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, Jamoatchilik diplomatiyasi va jahon siyosati tahlili markazi direktori Aleksandr Vorobyov “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi bo‘yicha fikr bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi uchun Turkiyaga tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida juda muhim voqea hisoblanadi. Bu hamkorlik ikki davlat munosabatlarida – ayniqsa, logistika, energetika va sanoat kooperatsiyasi sohasini rivojlantirishda katta turtki beradi.

Turkiya O‘zbekiston uchun texnologiyalar, investitsiyalar, logistika xabi sifatida muhim ahamiyatga ega. Anqara uchun Toshkent tez o‘sib borayotgan savdo bozori, arzon ishlab chiqarish maydoni va turkiy dunyodagi muhim siyosiy hamkor sifatida ahamiyatlidir.

Bu galgi yig‘ilishning ahamiyati shundaki, unda sheriklikning yangi maqsadlarini belgilab olish zarur. O‘tgan yillarda ko‘plab yutuqlarga erishilgani, savdo-iqtisodiy aloqalar ancha yaqinlashganiga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi paytlarda o‘smayapti. Shu sababli, uning o‘sishini yanada rag‘batlantirish uchun Anqara va Toshkent tayyor mahsulotlar eksporti va importidan yanada ilg‘or kooperatsiya shakllariga o‘tishini kutish mumkin.

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – energetika. Iqtisodiyoti o‘sib borayotgan O‘zbekiston energetika quvvatlarining o‘sishidan manfaatdor. Turkiya kompaniyalari O‘zbekiston energetikasiga sarmoya kiritish uchun vakolat va mablag‘ga ega va bu boradagi ishlarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Gumanitar va madaniy hamkorlik ham Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anning bu galgi tashrifi davomidagi muloqotining eng muhim mavzularidan biri bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish