Tojikistondagi muzeyda Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan noyob qadimiy qo‘lyozma saqlanmoqda
Fevral 26, 2026. 14:36 • 2 daq
• 140
DUSHANBE, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Tojikistondagi elchixonasi diplomatlari ushbu davlatda saqlanayotgan Amir Temur va temuriylar davriga oid kitoblar va qo‘lyozmalar hamda ushbu davr sanʼati, meʼmorchiligi va miniatyuralariga oid eksponatlarni o‘rgandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘rganishlar natijasida maʼlum bo‘ldiki, Tojikiston Milliy universiteti muzeyida Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” nomli o‘zbek (turkiy) tilida yozilgan noyob qo‘lyozma saqlanmoqda.
Universitet professori Badriddin Maqsudovning so‘zlariga ko‘ra, “Manoqibi Amir Temur Sohibqiron” (“Amir Temurning maqtovga sazovor fazilatlari”) kitobi Temur haqidagi eng qadimgi turkiy qo‘lyozma bo‘lishi mumkin. Ushbu kitob “Temur tuzuklari”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” kabi mashhur tarixiy asarlar, Mirxond va Xondamir ijod namunalaridan oldin yozilgani aytiladi.
Tarixiy kitob Amir Temurning tug‘ilishidan tortib, jang sahnalari va shayxlarga tegishli moʻjizalarni tasvirlaydi hamda xalq afsonalari bilan chambarchas bog‘liq tarixiy maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi. Matnda Amir Temurning zamondoshlari bo‘lmagan qahramonlarning mavjudligi rivoyatlarga folklor elementlarining kiritilganini anglatadi.
Qo‘lyozma so‘nggida 1618 yil iyun–iyul oylariga to‘g‘ri keluvchi hijriy 1027-yil rajab oyi ko‘rsatilgan bo‘lib, hujjatning nusxa bo‘lishi mumkinligini hisobga olgan holda, tadqiqotchilar asl nusxa ancha oldin yozilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.
Qo‘lyozmani atroflicha tadqiq etish shubhasiz, Amir Temur davri va Markaziy Osiyo tarixini anglashga katta hissa qo‘shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
