Logo

Skandinaviya davlatlarida Temuriylar davriga oid kitoblar va eksponatlar saqlanmoqda

Mart 06, 2026. 10:37 • 3 daq

293
Skandinaviya davlatlarida Temuriylar davriga oid kitoblar va eksponatlar saqlanmoqda

STOKGOLM, 6-mart. /“Dunyo” AA/.O‘zbekiston diplomatlari Skandinaviya davlatlarida saqlanayotgan Amir Temur va temuriylar davriga oid kitoblar, qo‘lyozmalar, ushbu davr san’ati, me’morchiligi va miniatyuralariga oid eksponatlarni o‘rgandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, Shvetsiyadagi Uppsala universiteti kutubxonasida Movarounnahr va Hurosonning yirik madaniy markazlarida yaratilgan, XV asrga oid manuskriptlar saqlanmoqda. Ular orasida 1439-yilga taalluqli, Shohrux Mirzo hukmronligi davrida ko‘chirilgan Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” asari nusxasi mavjud. Bu yerda Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozma nusxalari hamda chig‘atoy va fors tillaridagi boshqa matnlar ham saqlanadi.

Kutubxona fondi bir necha asrlar davomida shved olimlari va diplomatlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar hisobiga shakllangan. Hozirgi kunda kataloglarda nafaqat badiiy asarlar, balki Temuriylar davriga oid tarixiy va ilohiyotga doir ilmiy asarlar ham bor. Ushbu hujjatlar tadqiqotchilar uchun ochiq bo‘lib, universitetning sharq fondlari yagona hisob tizimiga kiritilgan.

Shvetsiyadagi yana bir oliy ta’lim muassasasi ­– Lund universiteti kutubxonasida XV asr oxirida yaratilgan tarixiy asarlarni uchratish mumkin. Jumladan, bu yerda 1494-yilda yozilgan, tarixchi Xondamir qalamiga mansub “Xulosat al-axbor” qo‘lyozmasi saqlanmoqda. Mazkur asar Hirot shahrida, Sulton Husayn Bayqaro hukmronligi yillarida yozilgan bo‘lib, Temuriylar sulolasi davrini ham qamrab olgan holda tarixiy voqealarni tizimli bayon etadi.

Kutubxonada tarixiy asarlardan tashqari, Temuriylar davri an’analariga muvofiq bezatilgan klassik she’riyat namunalari ham saqlanmoqda. Ushbu materiallar shved ilmiy doiralarining mintaqaning intellektual merosiga bo‘lgan qiziqishini tasdiqlaydi. Eksponatlar sharq qo‘lyozmalari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan reyestrlarda qayd etilgan.

Daniyaning Kopengagen shahrida joylashgan David muzeyi kolleksiyasida Temuriylar davriga oid amaliy san’at namunalari mavjud. Fondlarda nefritdan yasalgan buyumlar, XIV–XV asrlarga mansub, naqsh va inkrustatsiya bilan bezatilgan metall idish-tovoqlar saqlanadi. Ushbu eksponatlar Samarqand va Hirot shaharlaridagi hunarmandchilik ishlab chiqarishining yuqori darajasini namoyon etadi.

Shuningdek, bu yerda Hirot maktabiga mansub ayrim miniatyura varaqlari va manuskriptlar fragmentlari mavjud. Muzey ushbu eksponatlarni islom madaniy merosining ajralmas qismi sifatida baholaydi. Daniyada saqlanayotgan XIV–XV asrlarga oid ushbu namunalar Temuriylar san’at asarlarining Markaziy Osiyo hududidan tashqarida ham keng tarqalganidan darak beradi.

Daniya milliy muzeyidaham Amir Temur davriga oid moddiy madaniyat namunalari saqlanmoqda. Bular asosan XV asr Movarounnahr hududiga xos bo‘lgan keramika buyumlari va mis qorishmalaridan tayyorlangan naqshinkor buyumlardir. Eksponatlar turli davrlarda muzey fondiga topshirilgan bo‘lib, Sharq o‘rta asr san’ati namunalari sifatida hujjatlashtirilgan.

Mazkur muzeyda Temuriylar hukmronligi davri xronologik doirasiga mansub to‘qimachilik fragmentlari va maishiy buyumlar elementlari ham mavjud. Ushbu eksponatlar muzeyning doimiy fondlarida saqlanadi hamda islom olami tarixi va Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarda namoyish etiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish