Logo

Dehlida Hindiston va Markaziy Osiyo hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

Mart 27, 2026. 09:00 • 2 daq

223
Dehlida Hindiston va Markaziy Osiyo hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

DEHLI, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Dehlida «Hindiston - Markaziy Osiyo: ko‘p qutbli dunyoda o‘zaro bog‘liqlik, xavfsizlik va barqaror sheriklik» (“India - Central Asia: Connectivity, Security, and Sustainable Partnerships in a Multipolar World”) mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forum mintaqa davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Hindiston ekspert-tahlil doiralari hamda ilmiy muassasalari vakillari, shuningdek, diplomatik korpus aʼzolarini birlashtirdi.

Konferensiya doirasida Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari batafsil ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar transport va iqtisodiy bog‘liqlikni rivojlantirish masalalari, jumladan, xalqaro koridorlar va savdo yo‘nalishlarini kengaytirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdi.

Munozaralarda mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat, terrorizmga qarshi kurashish va mintaqada barqarorlikni mustahkamlash mavzulari muhim o‘rin egalladi. Ishtirokchilar energetika, iqtisodiyot va gumanitar sohalarda barqaror sheriklikni shakllantirish, shuningdek, dunyoning shakllanayotgan ko‘p qutbli arxitekturasida Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarining roli yuzasidan fikr almashdi.

Hindistonning tashqi siyosiy kursida Markaziy Osiyoning ortib borayotgan ahamiyati taʼkidlandi. Mintaqa Yevroosiyo arxitekturasining asosiy bo‘g‘iniga aylanib borayotgani qayd etildi. Transport koridorlarini rivojlantirish, energetika sohasidagi hamkorlik va siyosiy muloqotni faollashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

O‘zbekiston bilan muhim va ishonchli sherik sifatidagi hamkorlikka alohida urg‘u berildi. Konferensiya doirasida O‘zbekiston-Hindiston aloqalari tarixiy mushtaraklik va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan o‘zaro qiziqishga tayangan holda izchil rivojlanish surʼatini namoyish etayotgani taʼkidlandi. Ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qo‘shma transport-logistika loyihalarini amalga oshirish, raqamlashtirish sohasidagi kooperatsiya, kamyob metallar salohiyatidan foydalanish, shuningdek, taʼlim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni kengaytirish qayd etildi.

Ekspertlar qo‘shma tashabbuslarni faollashtirish, samarali ishbilarmonlik aloqalari uchun institutsional va moliyaviy mexanizmlarni mustahkamlash, shuningdek, xususiy sektor va akademik doiralarni ikki tomonlama sheriklik jarayonlariga jalb etish muhimligini taʼkidladi.

Konferensiya fikr almashish, strategik yondashuvlarni ishlab chiqish va zamonaviy geosiyosiy muammolar sharoitida Hindiston-Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash uchun muhim ilmiy-amaliy maydonga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish