Logo

Qatarda bayram tadbiri tashkil etildi

Noyabr 20, 2025. 10:35 • 2 daq

79
Qatarda bayram tadbiri tashkil etildi

DOHA, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. Doha shahridagi madaniy me'ros obyekti ro'yxatiga kiritilgan Al Jasra Club binosida O'zbekiston Respublikasi davlat bayrog'i qabul qilingan kun munosabati bilan bayram tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Qatarda yashayotgan, tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz, "Majlis ash-Shuro" (parlament), Madaniyat vazirligi va boshqa davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

Qatar parlamenti a'zosi, Al Jasra Club rahbari o'rinbosari Xalid Al-Ubayd ishtirokchilarni bayrog'imiz qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etdi. U O'zbekiston va Qatar xalqlarini bog'lab turgan do'stlik, o'zaro hurmat va madaniy yaqinlik munosabatlarning yanada mustahkamlayotganini ta'kidladi. Bu kabi madaniy tadbirlar xalqlar o'rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim o'rin tutishini qayd etdi.

Tadbirda davlat bayrog'ining tarixiy ahamiyati, uning mustaqillik ramzi sifatidagi o'rni, mamlakatimizda amalga oshirilgan demokratik islohotlar, O'zbekiston–Qatar munosabatlarining jadal rivoji haqida atroflicha to'xtalib o'tildi.

Qatardagi o'zbeklar jamoasi yetakchisi Asqar Ro'ziyev bu yerda yashayotgan hamyurtlarimiz faoliyati, birdamligi, milliy madaniyat va qadriyatlarimizni asrab-avaylash va targ'ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.

Mehmonlarga Toshkent viloyati Madaniyat boshqarmasi vakillari tomonidan o'zbek milliy kuy-qo'shiqlari havola etildi. Xalqimizning boy madaniy an'analarini aks ettiruvchi milliy raqslar namoyish qilindi.

Madaniy dastur va o'zbek milliy taomlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish