Logo

Ispaniya poytaxtining ommabop bog‘ida Navro‘z bayrami tantanali nishonlandi

Mart 27, 2026. 12:00 • 2 daq

154
Ispaniya poytaxtining ommabop bog‘ida Navro‘z bayrami tantanali nishonlandi

MADRID, 28-mart. /“Dunyo” AA/. Ispaniya poytaxtida Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu kechada 150 nafarga yaqin mehmon, jumladan, Qozog‘iston, Turkiya va Vengriya diplomatik missiyalari rahbarlari, Ispaniyaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamda Madrid aholisi ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan, elchimiz Farrux Tursunov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z — inson qadri ulug‘lanadigan, ezgulik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik qadriyatlari mustahkamlanadigan bayram ekani haqidagi fikrlarini alohida taʼkidladi. Qayd etilganidek, tabiatning uyg‘onishini ifoda etuvchi ushbu ayyom xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Madaniy dastur doirasida Raniya Muxtarova ijrosidagi «Bahor valsi» raqsi mehmonlarga bahoriy kayfiyat ulashdi. Madridda tahsil olayotgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari — Tillobek Otaboyev, Jonibek Saidov, Yahyo Bekpo‘latov va Murodjon Rustamov ijro etgan «Andijon polkasi» va «Xorazm lazgisi» tomoshabinlarning davomli olqishlariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, hamyurtimiz Maksud Rashidov tomonidan fortepianoda ijro etilgan o‘zbek xalq kuylari hamda Islom Kabirov va Xilola Ro‘ziyeva ijrosidagi milliy laparlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Bayram yakunida mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari, jumladan, Navro‘zning ramzi bo‘lgan sumalak tortiq qilindi. Ispaniyalik mehmonlar o‘zbek milliy taomlarining betakror taʼmi va xalqimizga xos mehmondo‘stlik anʼanalarini yuqori baholab, bu kabi tadbirlar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish