Logo

O‘zbekistonda Polsha tajribasi asosida zamonaviy korxona qurish masalasi muhokama qilindi

Mart 11, 2026. 12:48 • 2 daq

109
O‘zbekistonda Polsha tajribasi asosida zamonaviy korxona qurish masalasi muhokama qilindi

VARShAVA, 11-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Polshaning Podlyask voyevodaligida joylashgan Yevropaning yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri – “Mlekovita” kompaniyasiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

1928-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Mlekovita” kompaniyasi Polsha va Markaziy-Sharqiy Yevropadagi eng yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya Polshada sutchilik bozorining yetakchilaridan hamda tarmoqdagi yirik eksportyorlardan biridir.

“Mlekovita” kompaniyasi prezidenti Dariush Sapinskiy bilan muloqot davomida O‘zbekiston hududida avvalo yogurt, keyingi bosqichda boshqa sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, yurtimizda tegishli logistika markazi taqdim etilgan taqdirda, o‘zaro kelishgan holda Polshada O‘zbekiston logistika markazi uchun tegishli bino ajratish bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Polsha bozoriga olib kirish hamda ularni kompaniyaning mavjud savdo tarmoqlari orqali tarqatish yuzasidan turli taklif va tashabbuslar bildirildi.

Belostok shahridagi Oliy iqtisodiyot maktabi (Wyższa Szkoła Ekonomiczna w Białymstoku) bilan hamkorlikda talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari va “Mlekovita” kompaniyasida amaliy stajirovkalarni tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.

Suhbatdoshlar mavjud ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekistondagi malakali mutaxassislar, jumladan, yosh muhandis va texnologlarni saralab olish hamda ularni keyinchalik kompaniyada ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Polshalik mutaxassislar 2026-yil davomida o‘zaro kelishilgan vaqtda “Mlekovita” kompaniyasi rahbariyatining O‘zbekistonga biznes-missiyani amalga oshirishini ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish