Logo

Pokistonda to‘qimachilik sohasi mutaxassislari uchun o‘zbek tili kurslari tashkil etiladi

Aprel 10, 2026. 15:52 • 2 daq

101
Pokistonda to‘qimachilik sohasi mutaxassislari uchun o‘zbek tili kurslari tashkil etiladi

ISLOMOBOD, 10-aprel. /“Dunyo”/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Institute of Contemporary Studies Pvt. Ltd.” kompaniyalar guruhi rahbari Nadim Kiyani bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini taʼkidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5­–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Nadim Kiyanining so‘zlariga ko‘ra, uning kompaniyasi Pokiston, O‘mon va Turkiyada “American Lytcetuff DNK School System” brendi ostida 80 dan ortiq maktablarni, 88 ta kasbiy taʼlim muassasasini birlashtirgan Xalqaro ko‘nikmalarni rivojlantirish kolleji tarmog‘ini boshqarib kelmoqda.

Pokiston tomoni O‘zbekiston to‘qimachilik sektorini qo‘llab-quvvatlashga alohida qiziqish bildirmoqda. Ushbu industriyadagi boy tajribadan kelib chiqib, kompaniya o‘z mutaxassislari uchun maxsus o‘zbek tili kurslarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad – taʼlim olgan malakali kadrlarni keyinchalik O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalariga jalb qilishdir. Mazkur kurslarda dars berish uchun O‘zbekistondan tanlov asosida tajribali filologlarni taklif etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, “Institute of Contemporary Studies Pvt. Ltd.” O‘zbekistonda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari hamda AKT, mehmonxona servisi va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida kasbiy mahoratni rivojlantirish markazlarini ochish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Uchrashuv yakunida Pokiston kompaniyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida tegishli vazirlik va idoralarda muhokama qilingan tashabbuslarni amaliy amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish