Farg‘onalik ishbilarmonlar Foshan va Guanchjou shahriga tashrif buyurdi
Yanvar 26, 2026. 10:41 • 44 soniya
• 130GUANCHJOU, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. Farg‘ona viloyati hokimligi va tadbirkorlardan iborat delegatsiya Xitoyning Foshan va Guanchjou shaharlarida bo‘lib, turli biznes-seminarlarda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Foshan munitsipalitetining iqtisodiy boshqarmasi va Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan muzokaralar davomida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish, shaharlararo hamkorlik bitimini imzolash masalalarini muhokama qildi.
Hududning “Foshan Famous”, “KORRA”, “XINDA CLOVER”, “CEBR Global Village Service”, “Ronhunt Holdings PTE” va “Guandong Team Value Design&Construction” kabi yetakchi kompaniyalari bilan elektrotexnika, qurilish materiallari, mebel, xo‘jalik kimyosi mahsulotlari ishlab chiqarish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Farg‘ona viloyatining salohiyati va hududning infratuzilmasi bilan tanishish maqsadida kompaniya vakillaridan iborat guruhlarning shu yil aprel-iyun oylarida biznes-missiyalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





