O‘zbekiston va Misr birgalikda gepatit C qarshi dori ishlab chiqaradi
Mart 06, 2026. 08:10 • 2 daq
• 214
QOHIRA, 6-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Misrning “ACDIMA”va “Dentafill Plus” kompaniyalari vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar markazida O‘zbekiston va Misr o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy dori vositalari ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish va mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida O‘zbekiston bozori uchun gepatit C virusiga qarshi “Daclatasvir” va “Sofosbuvir” preparatlarini ishlab chiqarishni boshlashga kelishib oldi. Loyiha doirasida ishlab chiqarish texnologiyalarini bosqichma-bosqich O‘zbekistonga o‘tkazish, misrlik mutaxassislarni jalb etish, mahalliy kadrlarni tayyorlash va ishlab chiqarish quvvatlarini moslashtirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, uchrashuvda mingdan ortiq turdagi dori vositalarini mahalliylashtirish imkoniyati va O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Taʼkidlanishicha, ushbu hamkorlik milliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, importga qaramlikni kamaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu kabi loyihalar aholini sifatli va hamyonbop dori vositalari bilan taʼminlash hamda O‘zbekistonning mintaqaviy farmatsevtika xabiga aylanishi yo‘lidagi muhim qadamdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi