Logo

O‘zbekistonga Krasnoyarsk o‘lkasidan sayyohlar soni yanada oshiriladi

Aprel 16, 2026. 09:00 • 2 daq

172
O‘zbekistonga Krasnoyarsk o‘lkasidan sayyohlar soni yanada oshiriladi

NOVOSIBIRSK, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha masʼul idoralari vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi masʼul xodimlari, Krasnoyarsk o‘lkasi turizm agentligi rahbariyati hamda Rossiya Madaniyat vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Krasnoyarsk o‘lkasi Turizm agentligi direktori Yelena Nedbaylo o‘lka aholisining O‘zbekistonga, ayniqsa turistik maqsadlarda tashrif buyurishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonga qariyb 20 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ham xizmat qilmoqda.

Rossiya tomoni O‘zbekiston va Krasnoyarsk o‘lkasi turoperatorlari o‘rtasida info-turlar almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik turoperatorlar 2026 yil iyul oyi boshida Krasnoyarsk o‘lkasida o‘tkaziladigan “Sibir dunyosi” xalqaro etnik musiqa va hunarmandchilik festivalida ishtirok etishga taklif etildi.

O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va turizm salohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, Rossiya O‘zbekiston uchun turizm sohasidagi strategik hamkor hisoblanadi. Respublikaga rossiyalik sayyohlar oqimi anʼanaviy ravishda boshqa uzoq xorij davlatlaridan keluvchi mehmonlar soniga nisbatan 1,5–2 barobar ko‘pni tashkil etadi. Ayniqsa, Krasnoyarsk o‘lkasidan keluvchi sayyohlar sonini oshirish uchun O‘zbekistonda barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Uchrashuv davomida Rossiya tomoni O‘zbekiston Turizm qo‘mitasining 2026-yil yozida Krasnoyarsk shahrida “roud-shou” – mamlakatimiz turizm salohiyatini keng ko‘lamda namoyish etish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, jumladan, qo‘shma “Harakatlar rejasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish