“Al Jazeera”: O‘zbekistondagi xalqaro media-forumda o‘nlab mamlakatlardan 250 ga yaqin vakil qatnashmoqda

Avgust 28, 2026. 17:30 • 2 daq

78
“Al Jazeera”: O‘zbekistondagi xalqaro media-forumda o‘nlab mamlakatlardan 250 ga yaqin vakil qatnashmoqda

DOHA, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Qatarning “Al Jazeera” telekanali O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Al Jazeera”da chop etilgan materialda forumning asosiy maqsadi — islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro auditoriyaga xolis va zamonaviy media vositalari orqali yetkazish masalalari yoritilgan.

Anjumanda o‘nlab mamlakatlardan 250 nafarga yaqin jurnalist, olim va tadqiqotchi ishtirok etib, islom sivilizatsiyasi merosini yoritishda zamonaviy medianing o‘rnini muhokama qilgan.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov islom sivilizatsiyasi merosi butun insoniyatning umumiy boyligi ekanini taʼkidlab, uni jahon auditoriyasiga masʼuliyat bilan yetkazish muhimligini qayd etgan.

Shu o‘rinda, “Euronews” bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtruns O‘zbekistonning islom merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishdagi o‘rnini yuqori baholab, Markaziy Osiyo tarixi xalqaro mediada hali yetarlicha yoritilmayotganini taʼkidlagan.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov esa islom merosini keng targ‘ib qilish va u bilan bog‘liq stereotiplarga qarshi kurashishda zamonaviy media imkoniyatlaridan samarali foydalanishga chaqirgan.

Forum doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida yosh jurnalistlar uchun qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish