Logo

“Business Türk” jurnalining Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus soni nashr etildi

Fevral 02, 2026. 20:21 • 3 daq

62
“Business Türk” jurnalining Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus soni nashr etildi

ANQARA, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “Business Türk” jurnali Oʻzbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifiga bagʻishlab maxsus sonini nashrdan chiqardi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

20 ga yaqin maqola joy olgan jurnalning maxsus sonida mamlakatimizda 2016–2026-yillarda amalga oshirilgan tub islohotlar natijalari va “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi doirasida belgilangan maqsad-vazifalar haqida keng toʻxtalib oʻtilgan.

“Shavkat Mirziyoyev oʻz mamlakatining boy tarixi va oʻtmishini chuqur idrok etish barobarida, hozirgi global voqeliklarni ham teran tahlil qilgan holda, uzoqni koʻra oladigan, qatʼiyatli siyosat olib borayotgan davlat arbobidir”, deb yozadi nashr bosh muharriri Muhammed Roʻzubay kirish soʻzida.

Jurnalda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim Oʻzbekiston va Turkiyaning umumiy tarixi va mushtarak istiqboli haqida batafsil toʻxtalib oʻtgan:

“Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlar diplomatik aloqalar yoki dolzarb hamkorlik mavzulari bilangina cheklangan emas. Ikki davlatni umumiy til, mushtarak madaniyat va teran tarixiy tamaddun muloqoti birlashtirib turadi. Asrlar davomida gullab-yashnagan bu birodarlik ruhi bugungi kunda ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarning eng mustahkam poydevorini tashkil etadi”, deya fikr bildirgan B.Yildirim.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi Oʻzbekiston–Turkiya Doʻstlik guruhi raisi Osman Mesten oʻz maqolasida “Oʻzbekiston zaminining armugʻoni boʻlgan Xorazmiy, Ibn Sino, Forobiy, Fargʻoniy, Beruniy va Ulugʻbek kabi olimlarsiz ilm-fan hozirgi darajasiga yetmagan boʻlar edi. Imom Buxoriy va Imom Termiziysiz hadis ilmi toʻliq boʻlmas, Imom Moturidiysiz kalom ilmi takomulga yetmas, Shoh Naqshbandiysiz tasavvuf tarixi tasavvur qilinolmasdi. Qaysiki ilm-fan sohasiga murojaat qilmang, Movarounnahr irfon sarchashmalarining taʼsiriga guvoh boʻlasiz. Maʼrifat tarixida bu qadar teran oʻrin tutadigan boshqa hech bir mamlakat boʻlmasa kerak. Turkiya turklari sifatida biz ham bu chuqur va boy tarixni oʻz tariximiz deb bilamiz. Biz Oʻzbekistonning buyuk olimlarini butun turkiy dunyoning umumiy qadriyati, deb ardoqlaymiz”, deb yozadi.

TURKSOY bosh kotibi oʻrinbosari Said Yusuf oʻz maqolasida, quyidagilarni qayd etgan:

“Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Oʻzbekistonni va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlida tarixiy islohotlarni amalga oshirayotgani, ochiq, amaliy va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani diqqatga sazovordir. Oʻzbekistonning, turkiy xalqlar bilan aloqalari yangi bosqichga koʻtarilgani nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun turkiy dunyoda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanishiga katta turtki berdi. Binobarin, bizning tarixiy oʻtmishimiz bir boʻlgani kabi porloq kelajagimiz ham birlik va hamjihatlik, yangi ijodiy yutuqlar bilan mushtarak”.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining turkiyalik rektori dotsent Chigdek Jambay Turkyilmaz oʻz maqolasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi taʼlim boʻyicha hamkorlikka alohida urgʻu bergan:

“Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda ikki qardosh xalqning tarixiy, madaniy va maʼnaviy yaqinligiga asoslangan holda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini kuzatmoqdamiz. Ikki mamlakat Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan rahbarligida taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategik ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi. Ushbu siyosiy iroda natijasida qoʻshma taʼlim dasturlari, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro seminarlar va konferensiyalar soni yildan yilga ortib bormoqda. Ushbu keng qamrovli hamkorlik muhiti SamDAQUning xalqaro maydondagi samaradorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deb yozgan rektor.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish