O‘zbekiston Prezidenti maktubida xalqaro jamoatchilik uchun ahamiyatli bo‘lgan muhim tarbiyaviy g‘oyalar ilgari surilgan
Noyabr 26, 2026. 09:00 • 3 daq
• 218AMMON, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat tashrifi chog‘ida nabirasiga yozgan maktubi ushbu mamlakatning qator ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Iordaniya OAVlarida chop etilgan materiallarda maktubning mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan oilaviy qadriyatlar, yosh avlod tarbiyasi, ilm-ma’rifat, Vatanga muhabbat va mamlakat kelajagi bilan bog‘liq g‘oyalarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, “Al-Saa” axborot agentligida O‘zbekiston Prezidentining nabirasiga yo‘llagan maktubi insonparvarlik va samimiylik ifodasi sifatida taqdim etilgan. Materialda davlat rahbarining ota va bobo sifatidagi mehr-muhabbati, hayotiy tajribasi va kelajak avlod oldidagi mas’uliyati yoritilgan.
Manbada maktubning shaxsiy mazmuni bilan birga, uning keng jamoatchilik uchun ham ahamiyatli tarbiyaviy g‘oyalarni mujassam etgani ko‘rsatilgan.
“Al-Raqam News” axborot portalida ham Prezidentning Iordaniyaga safari davomida nabirasiga murojaat qilib, o‘z hayotiy tajribasi va ezgu tilaklarini bayon etgani aks etgan.
Xususan, maktubdagi “Sen ham kelajakda qaysi kasb-korni egallashingdan qat’i nazar, Vatanga naf keltirmoqqa, el koriga yaramoqqa intil” degan mazmundagi fikrga e’tibor qaratilgan. Nashr maktub orqali mamlakat yoshlari taqdiri va ularning kelajagi haqida so‘z yuritilganiga urg‘u bergan.
“Al-Anbat News” kundalik siyosiy gazetasida e’lon qilingan maqolada maktubning tarbiyaviy va ma’naviy jihatlariga to‘xtalib o‘tilgan.
Ayniqsa, nashrda “Oltin zanglamas” deganlaridek, chinakam bilim va ma’rifat hech qachon o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi. Ilm-fan yangiliklarini sinchkovlik bilan kuzatib, ularning mohiyatini anglashga harakat qil! Til bilgan – el biladi, xorijiy tillarni o‘zlashtirishga rag‘batingni aslo susaytirma!” degan fikrlar alohida ajratib ko‘rsatilgan.
“Johina News” elektron axborot nashrida Prezident maktubining arab tilidagi matni joylashtirilgan. Nashr uni oddiy oilaviy murojaat sifatida emas, balki yosh avlodni vatanparvarlik, mehnatsevarlik va ilmga intilish ruhida tarbiyalashga qaratilgan hayotiy saboqlar majmuasi sifatida taqdim etgan.
Maqolada Prezidentning bolalik yillaridagi og‘ir mehnat va paxta dalalarida o‘tgan davri haqidagi xotiralari hamda rahbar sifatida bolalarni paxta dalalaridan maktabga qaytarishni birinchi vazifalardan biri deb bilgani haqida alohida e’tirof o‘rin olgan.
Jumladan, “Prezident bo‘lganimdan so‘ng birinchi galda bolalarni paxta dalalaridan maktabga qaytardim” degan fikr maktubning muhim ijtimoiy mazmunini ochib beradi. Shu tariqa, nashr ta’lim-tarbiya, bolalar manfaatlari va kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga e’tibor qaratgan.
“NBN Jo” axborot portalida Prezident maktubi ingliz tilida nashr etilgan. Bu maktub mazmuni arab tilida so‘zlashuvchi auditoriyadan tashqari, ingliz tilida axborot oluvchi o‘quvchilarga ham yetkazilganini ko‘rsatadi.
Portal maktubni to‘liq matn shaklida taqdim etib, undagi xalq xizmati, bolalar kelajagi va ta’limga oid fikrlarni keng yoritgan.
Prezidentning “Xalq dardini yurakka yaqin olishdan ulug‘roq maqsad yo‘q” degan mazmundagi fikri maktubning asosiy g‘oyalaridan birini ifodalashi aks etgan.
“Twasl News” elektron nashrida ham O‘zbekiston Prezidentining nabirasiga yo‘llagan maktubining to‘liq matni e’lon qilingan. Ushbu portalning materialni o‘z sahifasida joylashtirishi maktubning Iordaniya elektron axborot makonida keng tarqalganini ko‘rsatuvchi yana bir misoldir.
Iordaniya ommaviy axborot vositalarida mazkur maktubning turli tillarda va bir nechta nashrlarda chop etilish O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy murojaati xalqaro axborot maydonida ham katta qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.
Nashrlar maktubni, avvalo, boboning nabirasiga mehr bilan yo‘llagan samimiy nasihatlari, shu bilan birga, butun yosh avlodga qaratilgan hayot saboqlari sifatida talqin qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

