O‘zbekiston delegatsiyasi Malayziyaning islom moliyasi bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rgandi
Noyabr 26, 2026. 12:00 • 2 daq
• 34
KUALA-LUMPUR, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tashabbusi bilan BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida islom moliyasi bo‘yicha Malayziyaning ilg‘or tajribasi o‘rganildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, “Toshkent” respublika fond birjasi” AJ hamda “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Dastur doirasida Malayziyaning islom moliyasi sohasida faoliyat yurituvchi davlat idoralari va moliya institutlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar va amaliy-texnik tashriflar Malayziyaning islom moliyasi sohasidagi normativ-huquqiy bazasi, institutsional tuzilmasi, bozor mexanizmlari va amaliy faoliyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Xususan, sukuk va “yashil” sukuk instrumentlarini chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmlari, ularni tartibga solish va investitsiyalarni jalb etishdagi o‘rni, takaful sug‘urta tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari yuzasidan malayziyalik mutaxassislar bilan fikr almashildi. Shu bilan birga, sohadagi mavjud imkoniyatlar va muammolar, ilg‘or amaliyotlar hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif O‘zbekistonda islom moliyasi instrumentlarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda sukuk instrumentiga oid alohida bob va tegishli normalarni o‘z ichiga olgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi O‘zbekiston Oliy Majlisida ko‘rib chiqilmoqda.
Malayziyaning islom moliyasi sohasidagi boy tajribasini o‘rganish O‘zbekistonda sukuk, “yashil” sukuk va takaful instrumentlarini joriy etish, kapital va sug‘urta bozorlarini yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilishning muqobil mexanizmlarini kengaytirish hamda mamlakatning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi