“Global Korea post”: 2025-yilda O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhiti barqaror o‘sishni namoyish etdi
Fevral 17, 2026. 11:41 • 2 daq
• 100
SEUL, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “Global Korea post” gazetasida “2025-yilda O‘zbekistonda biznes muhit tahlili – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqoti” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan oylik so‘rovnomalar asosida O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitining 2025-yildagi tahliliy natijalarini taqdim etgan. Qayd etilishicha, yillik o‘rtacha ishbilarmonlik muhiti indeksi 57 punktni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 7 foizga o‘sgan. Ushbu ijobiy dinamika, asosan, joriy holatni baholash ko‘rsatkichlarining 22 foizga yaxshilangani hisobiga taʼminlandi, bu esa mamlakatdagi iqtisodiy islohotlarning bevosita natijasi sifatida ko‘rilmoqda.
“Tarmoqlar kesimida eng yuqori o‘sish surʼatlari xizmat ko‘rsatish (14,7 foiz) va qurilish (14,2 foiz) sohalarida qayd etildi. Mintaqaviy darajada esa Qashqadaryo (27 foiz), Jizzax (23 foiz) va Xorazm (17 foiz) viloyatlarida ishbilarmonlik muhiti sezilarli darajada yaxshilangan. So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, tadbirkorlarning 66 foizi tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab ortishini kutmoqda, 57 foizi esa ishchi kuchini kengaytirishni rejalashtirgan. Bandlik indeksi yil davomida 12 foizga oshib, ayniqsa xizmat ko‘rsatish va qurilish tarmoqlarida yuqori mehnat talabi saqlanib qoldi”,- deb yozilgan maqolada.
Shuningdek, nashrda taʼkidlanishicha, Germaniyaning Ifo instituti metodologiyasi asosida shakllantirilgan mazkur indeks O‘zbekistonda iqtisodiy faollikning yuqori darajada ekanini tasdiqlaydi. Yil yakuniga ko‘ra, inflyatsiyaviy kutilmalarning pasayishi va bozor konyunkturasining mustahkamlanishi tadbirkorlar o‘rtasida ijobiy kayfiyat saqlanib qolishiga xizmat qildi. Ishbilarmonlik muhitining bunday barqarorligi xorijiy investorlar uchun mamlakat iqtisodiyotining jozibadorligini oshirishda va barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
