“Petra” AA: Samarqanddagi “Boqiy shahar” an’anaviy me’morchilik va xalq hunarmandchiligini o‘zida mujassam etgan
Oktabr 26, 2026. 20:00 • 2 daq
• 179
AMMON, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning “Petra” milliy axborot agentligida Samarqandning an’anaviy me’morchiligi va xalq hunarmandchiligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Samarqanddagi “Boqiy shahar” Buyuk ipak yo‘lidagi tarixiy shaharlar qiyofasini qayta gavdalantirib, o‘zida me’morchilik, an’anaviy hunarmandchilik, milliy oshxona va badiiy tomoshalarni birlashtiradi.
Ushbu hudud “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida joylashgan bo‘lib, 17 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda feruza gumbazlar, peshtoqlardagi koshinkor bezaklar, ravoqlar va minoralar alohida ko‘zga tashlanadi.
Agentlikda qayd etilishicha, shaharchada 50 dan ortiq ustaxona faoliyat yuritadi. Ularda yog‘och o‘ymakorligi, sopol buyumlarni bezash, kulolchilik mahsulotlari, qog‘oz, zargarlik buyumlari va gilamlar tayyorlash, kashtachilik hamda milliy liboslar tikish namoyish etilgan. Restoran va qahvaxonalarda turli hududlarning an’anaviy taomlari, palov, somsa, Samarqand noni va shirinliklar tortiq etiladi.
Materialda ta’kidlanishicha, taniqli rassom Bobur Ismoilov g‘oyasi asosida bunyod etilgan ushbu loyiha qadimiy Samarqandning YUNЕSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan asl obidalari — Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi va boshqalarni uyg‘un tarzda to‘ldiradi.
“Boqiy shahar” tarix, hunarmandchilik, san’at va o‘zbek mehmondo‘stligining ko‘p asrlik an’analarini yagona makonda birlashtirgan zamonaviy madaniy maskan vazifasini o‘taydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi