Marsin Kulasek: Polsha–O‘zbekiston rektorlar forumi doirasida 70 ta kelishuv imzolandi
May 11, 2026. 14:30 • 3 daq
• 110
VARSHAVA, 11-may. /“Dunyo” AA/. Polsha fan va oliy ta’lim vaziri Marsin Kulasek Samarqandga tashrifidan so‘ng Polshaning “Perspektywy” portaliga bergan intervyusida O‘zbekiston xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanganini ta’kidladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Polshalik vazirning fikricha, uning tashrifi Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo kongressi hamda III Polsha–O‘zbekiston rektorlar forumida ishtirok etish bilan bog‘liq bo‘lgan. Vazir O‘zbekiston bilan hamkorlik Polsha tomonidan tanlangan mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish strategiyasining bir qismi ekanini qayd etdi.
Marsin Kulasek O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va Polsha uchun Markaziy Osiyodagi muhim hamkor davlatlardan biri sifatida qaralayotganini ta’kidlab, mamlakatning demografik va ta’lim salohiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 37 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi va 200 dan ziyod oliy ta’lim muassasalarida 1,4 milliondan ortiq talaba tahsil oladi.
Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari xalqaro hamkorlikka ochiq bo‘lib, mamlakat rahbariyati ta’lim sohasini kelgusi taraqqiyotning asosiy omillaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, energetika, muhandislik va ijtimoiy fanlar sohalarida hamkorlikka qiziqish bildirmoqda. Hamkorlikni “Erasmus+”, “Horizon Europe” va “NAWA” dasturlari orqali ham rivojlantirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri sifatida Polsha va O‘zbekiston vazirliklari o‘rtasida niyatlar to‘g‘risidagi hujjat imzolangani qayd etildi. Mazkur hujjat O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan imzolangan.
Bundan tashqari, “NAWA” orqali O‘zbekiston, Turkiya, Vetnam va Koreya Respublikasi uchun akademik almashinuv dasturi yo‘lga qo‘yilishi e’lon qilindi. Dastur ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, talabalar, doktorantlar va olimlarning akademik mobilligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Vazirning aytishicha, Polsha–O‘zbekiston rektorlar forumi “Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi” kongressining bir qismi sifatida o‘tkazildi. Forum yakunlari bo‘yicha Polsha oliy ta’lim muassasalari va mintaqa davlatlari sheriklari o‘rtasida qariyb 70 ta kelishuv imzolandi. Ular qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Marsin Kulasek Polsha Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikda o‘ziga xos bog‘lovchi ko‘prik vazifasini mustahkamlashga intilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, mamlakat iqtidorli xorijiy talabalarni, ayniqsa magistratura va doktorantura bosqichlariga jalb qilishga alohida e’tibor qaratayotgani, bunda ta’lim sifati ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Turk eksperti: O‘zbekiston boy tarixiy merosini zamon bilan uyg‘unlashtira olayotgan kam sonli davlatlardan biridir



