Logo

“The Nation”: Islom sivilizatsiyasi markazi – dunyo hamjamiyati eʼtirof etayotgan megaloyiha

Mart 19, 2026. 09:41 • 2 daq

155
“The Nation”: Islom sivilizatsiyasi markazi – dunyo hamjamiyati eʼtirof etayotgan megaloyiha

ISLOMOBOD, 19-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Nation” nashrida “Islom sivilizatsiyasi markazi: dunyo hamjamiyati eʼtirof etayotgan megaloyiha” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov taʼkidlaganidek, bir yil muqaddam, yaʼni 2025-yil 29-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ikki mingdan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion loyihalardan Markaz ekspozitsiyalarida foydalanish bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar bergan edi.

“Bu chinakam tarixiy tashrif bo‘ldi. O‘tgan bir yil davomida Markaz binosi to‘liq qurib bitkazildi, – deyilgan materialda. – Markaz faoliyatini takomillashtirish va uning mazmunini boyitish ishlariga 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassislar va dizaynerlar jalb etildi. Ularning barchasi Prezident tashabbusi va g‘oyalari bilan yaratilgan megaloyiha atrofida birlashgan”.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti 2025-yil sentyabr oyida BMTning yuksak minbaridan turib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurib bitkazilgani va tez orada ochilishini maʼlum qilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ekspozitsiyalarning ichki mazmuni yana-da boyitildi. Markaz jahon jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lgan o‘ziga xos maskanga aylandi. Bugun butun dunyodan kelgan mehmonlar, davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari Markaz faoliyati, uning sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlarga bag‘ishlangan ilmiy loyihalari bilan tanishib, uning ahamiyatini ochiq eʼtirof etmoqda.

Maqolada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yangi qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida bildirgan quyidagi fikrlari keltirilgan: “Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev BMTning yuksak minbaridan muloqot, maʼrifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini izchil ilgari surib kelayotgan buyuk va nufuzli yetakchidir”.

Pokiston OAV yozganidek, loyihaga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham yuqori baho berdi: “Bu ulkan va noyob inshoot. Bu ilmiy, turistik va etnomadaniy loyihadir. O‘zbekiston Prezidentining fikriga qo‘shilaman: Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu muhim sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkin”.

“The Nation” maqolasida urg‘ulanganidek, jahon ekspertlarining fikricha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy infratuzilma obyekti yoki madaniy siyosat ramzi emas. Bu O‘zbekiston rahbarining zamonaviy global tahdidlarga qarshi ongli sivilizatsiyaviy javobidir.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish