Pokiston OAV: O‘zbekistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki mamlakatning global miqyosidagi faolligidan dalolat
Fevral 18, 2026. 17:42 • 2 daq
• 74ISLOMOBOD, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik kengashining birinchi sammiti ishtirokiga katta eʼtibor qaratmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, ushbu mamlakatning “Daily Ittehad”, “Islamabad Post”, “Daily Sub News”, “Sentreline”, “DNA News”, “Diplomatic Affairs”, “MNN News”, “The World News”, “Media Online Today”, “Diplomats World”, “News Network Pakistan”, “Sub News” kabi yetakchi nashrlarida O‘zbekiston yetakchisining Tinchlik kengashidagi ishtiroki yuzasidan turli maqolalar eʼlon qilindi.
Chop etilgan maqolalarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17–19-fevral kunlari AQShga tashrif buyurib, muloqotni rivojlantirish hamda dolzarb global va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish uchun ko‘p tomonlama platforma sifatida tashkil etilgan yangi xalqaro tuzilma – Tinchlik kengashining birinchi sammitida ishtirok etishi maʼlum qilingan.
Taʼkidlanganidek, 2026-yil yanvar oyida Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida Tinchlik kengashi taʼsis shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatlar, hukumatlar rahbarlari va bir qator taʼsischi mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
“Yil boshida ilgari surilgan ushbu tashabbus qator davlatlar, jumladan, Kengash taʼsischilari qatoriga kirgan O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, tinch diplomatiya, ko‘p tomonlama hamkorlik va xalqaro barqarorlikni saqlash uchun masʼuliyat tamoyillariga sodiqligini tasdiqladi. O‘zbekistonning ushbu tuzilmani taʼsis etishdagi ishtiroki Toshkentning muloqot, xalqaro huquqni hurmat qilish va kuch ssenariylariga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan izchil tashqi siyosatini aks ettiradi”, – deyilgan materiallarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining Tinchlik kengashining birinchi sammitida ishtirok etishi so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan O‘zbekiston – AQSh siyosiy muloqotining faollashuviga hamohangdir. O‘tgan yarim yil ichida rasmiy Toshkent va Vashington o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar sezilarli darajada faollashdi. Bu ikki tomonlama munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichidan dalolat beradi.
Xususan, o‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga tashrif buyurdi. Unda davlat rahbarlari va xalqaro tashkilotlar yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Muloqot 2025-yil noyabr oyi boshida O‘zbekiston Prezidentining Qo‘shma Shtatlarga amaliy tashrifi chog‘ida yanada rivojlandi. Toshkent va Vashington o‘rtasidagi aloqalar turli formatlarda, jumladan, telefon orqali muloqotlar va tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikda qo‘llab-quvvatlandi.
“Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Tinchlik kengashidagi ishtiroki mamlakatning xalqaro nufuzi ortib borayotgani va uning global jarayonlardagi konstruktiv roli eʼtirof etilayotgani ifodasi sifatida baholanmoqda”, – deb yozgan Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






