Pokiston OAV: O‘zbekiston–Pokiston hamkorligi barqaror mintaqaviy kooperatsiya modeliga aylanib bormoqda
Yanvar 30, 2026. 11:26 • 3 daq
• 112ISLOMOBOD, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston–Pokiston ikki tomonlama munosabatlarini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, markaziy “Associated Press of Pakistan”, “Daily Islamabad Post”, “Daily Ittehad”, “Daily Spokeman”, “Daily Sub News”, “Sub News English”, “The Gulf Observer”, “The World News”, “Cpec News”, “World News Pakistan”, “MNN News”, “World Tribune Pakistan”, “Daily Independent”, “News Network Pakistan” va boshqa yetakchi nashrlarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik istiqbollari bo‘yicha turkum maqolalar eʼlon qilindi.
Nashrlarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning holati va istiqbollari qalamga olingan.
“Oliy darajadagi munosabatlar ikki tomonlama siyosiy muloqotning misli ko‘rilmagan darajada faollashishiga xizmat qilmoqda. Asosiy iqtisodiy vazifa – yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazishni amaliy ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Tomonlar oddiy tovar ayirboshlash modelidan, barqaror sanoat kooperatsiyasi zanjirlarini shakllantirishga o‘tishni rejalashtirmoqda”, – deyilgan maqolalarda.
Taʼkidlanishicha, joriy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish ikki tomonlama hamkorlikning barqaror ijobiy dinamikasini ko‘rsatmoqda. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 404 million AQSh dollarini tashkil etdi. O‘sish tendensiyasi 2025-yilda nafaqat saqlanib qoldi, balki yanada kuchaydi: yanvar–noyabr oylari davomida o‘zaro savdo hajmi 434,4 million dollarga yetdi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,9 foizga ko‘pdir.
Maʼlum qilinganidek, o‘rta muddatli davr uchun strategik maqsad sifatida 2 milliard dollarlik rejali ko‘rsatkich tasdiqlandi. Bir necha barobar o‘sishga erishish uchun, diplomatik idoralar va sohaviy vazirliklar pozitsiyasiga ko‘ra, savdo balansi tuzilmasini sifat jihatdan qayta ko‘rib chiqish zarur.
Tovar aylanmasini bir necha barobar oshirish bo‘yicha shijoatli rejalarni amaliy ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston va Pokiston hukumatlari savdo uchun qulay huquqiy va texnik rejim yaratishga tayanadi. Hajmlarni oshirish uchun asos bo‘lib 2022-yil mart oyida imzolangan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim (Preferential Trade Agreement — PTA) xizmat qilmoqda.
Ayni paytda tomonlar imtiyozli bojxona rejimiga tushadigan tovarlar nomenklaturasini sezilarli darajada kengaytirish niyatida: hozirgi 17 ta pozitsiyadan 100 ta nomgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
“O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining iqtisodiy kun tartibi xomashyo savdosidan tashqariga chiqib, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan. Bu jarayonning flagmani sifatida to‘qimachilik sohasi namoyon bo‘lmoqda. Paxta tolasini chuqur qayta ishlash strategiyasini amalga oshirayotgan O‘zbekiston sohaga quvvatlarni modernizatsiya qilish va eksport salohiyatini kengaytirish uchun 2 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etishdek shijoatli maqsad qo‘ygan”, – deyilgan materiallarda.
Maqolalar “O‘zbekiston–Pokiston hamkorligi iqtisodiy manfaatlar rivojlangan infratuzilma va ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi bilan mustahkamlangan barqaror mintaqaviy kooperatsiya modeliga aylanib bormoqda”, – degan so‘zlar bilan yakunlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



