Logo

Polshalik ekspertlar: O‘zbekiston – tobora xavfsiz va noyob turistik yo‘nalish bo‘lib bormoqda

Fevral 01, 2026. 10:30 • 2 daq

52
Polshalik ekspertlar: O‘zbekiston – tobora xavfsiz va noyob turistik yo‘nalish bo‘lib bormoqda

VARSHAVA, 1-fevral. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Radio Kielce” radiokanalida O‘zbekistonning turistik, madaniy-tarixiy va infratuzilmaviy salohiyatiga bag‘ishlangan “Dunyo bo‘ylab musiqiy sayohat: O‘zbekiston – Ipak yo‘lida” nomli radiointervyu eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Radio Kielce” radiokanali va uning internet sahifalarida tarqatilgan ushbu dasturda polshalik ekspertlar o‘z sayohat taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, O‘zbekistonni jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida eʼtirof etdi. Suhbatdoshlar mamlakatning 2500 yillik boy tarixiga to‘xtalar ekan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar o‘zining asl meʼmorchiligi va tarixiy muhitini saqlab qolgan noyob majmualar ekanini alohida taʼkidladi.

Dasturda O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lidagi strategik o‘rni hamda Yevropa, Fors, Arab va Osiyo madaniyatlari tutashgan markaz sifatidagi ahamiyatiga yuqori baho berildi. Ekspertlar mamlakatdagi xavfsizlik va tozalik darajasi xorijiy sayyohlar uchun eng muhim omillardan biri ekanini qayd etdi.

Shuningdek, Polsha fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilgani, zamonaviy aviaqatnovlar hamda Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar qatnovi kabi rivojlangan turistik infratuzilma alohida eʼtirof etildi. Mamlakat iqtisodiyotining dinamik rivojlanishi, xususan, ipak va paxta yetishtirish hamda vinochilik sohasidagi yutuqlar ham suhbat mavzusi bo‘ldi.

Intervyu davomida mintaqadagi ekologik muammolar, xususan, Orol dengizining qurishi va uning oqibatlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Mo‘ynoq shahri misolida o‘tmishdagi xatoliklar ramzi sifatida tilga olingan bo‘lsada, bugungi kunda ushbu hududda amalga oshirilayotgan yangi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar mamlakatning ekologik barqarorlikka intilishini ko‘rsatishi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston zaminidagi Polsha tarixiy merosi, Ikkinchi jahon urushi davrida general Vladislav Anders armiyasining shakllanishi va G‘uzor kabi shaharlardagi polshalik harbiylar qabristonining davlat tomonidan avaylab saqlanayotgani ekspertlar tomonidan yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida baholandi.

Dastur yakunida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, diniy bag‘rikenglik va milliy hunarmandchilik anʼanalariga bo‘lgan eʼtibor yuqori baholandi. Ushbu radiointervyu Polsha jamoatchiligida O‘zbekiston haqida ijobiy tasavvur uyg‘otishga xizmat qilib, mamlakatimizni xavfsiz, o‘ziga xos va istiqbolli turistik yo‘nalish sifatida tanitdi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish