Logo

“The Nation” gazetasi: O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlik Pokistonga Markaziy Osiyo bilan tarixiy aloqalarni qayta tiklash imkonini beradi

Fevral 05, 2026. 15:12 • 3 daq

58
“The Nation” gazetasi: O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlik Pokistonga Markaziy Osiyo bilan tarixiy aloqalarni qayta tiklash imkonini beradi

ISLOMOBOD, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “The Nation” gazetasida “Nima uchun O‘zbekiston Pokiston uchun Markaziy Osiyodagi eng muhim davlat hisoblanadi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif – Baxriya universiteti professori Adam Saud maqola muqaddimasida Pokistonning Markaziy Osiyo bilan o‘zaro aloqalari hal qiluvchi bosqichga kirganini taʼkidlaydi. Uning qayd etishicha, bu mamlakatlar orasida O‘zbekiston demografik ko‘lami, iqtisodiyotining diversifikatsiya qilingan tuzilishi, geografik jihatdan markaziy o‘rni, islohotlarga yo‘naltirilgan tashqi siyosati va, eng muhimi, mintaqaviy bog‘liqlik tashabbuslarini belgilashdagi hal qiluvchi roli tufayli Pokistonning eng muhim hamkori hisoblanadi.

“Solishtirma jihatdan olganda, O‘zbekiston Pokiston uchun uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda boshqa har qanday Markaziy Osiyo mamlakatiga nisbatan ancha keng, chuqur va mustahkam asosga ega”, – deb yozadi u.

O‘zbekistonning geografik joylashuvi ham alohida strategik ustunlik hisoblanadi. U Markaziy Osiyodagi barcha respublikalar bilan chegaradosh bo‘lgan yagona davlat bo‘lib, Yevroosiyo ichki tranzit yo‘llarining markazida joylashgan. Tarixan Samarqand, Buxoro va Toshkent kabi shaharlar Ipak yo‘lining muhim tugun nuqtalari bo‘lgan. Zamonaviy geosiyosiy sharoitda ham O‘zbekiston o‘zini Sharq–G‘arb va Shimol–Janub yo‘nalishlaridagi tabiiy bog‘liqlik markazi sifatida qayta namoyon etmoqda.

“Markaziy Osiyo bilan Arab dengizi o‘rtasida ko‘prik bo‘lishni maqsad qilgan Pokiston uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston bilan rivojlanayotgan sheriklik butun Markaziy Osiyo mintaqasiga birdek taʼsir ko‘rsatadi. Bu mantiq, ayniqsa, Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi hisoblanadi. Toshkent mazkur yo‘lakni Pokiston portlari orqali jahon bozorlariga chiqish uchun eng qisqa va eng arzon yo‘l sifatida ko‘radi”, – deya taʼkidlanadi maqolada.

Pokistonlik ekspertning yozishicha, Islomobod va Toshkent manfaatlarining aynan shu transport koridori atrofida kesishishi O‘zbekistonning boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan sifat jihatidan muhim o‘ringa ega ekanini tasdiqlaydi.

“Yuqori iqtisodiy salohiyat ham O‘zbekistonni mintaqadagi boshqa davlatlardan ajratib turadigan yana bir muhim omildir. O‘zbekiston nisbatan diversifikatsiya qilingan iqtisodiyotga ega bo‘lib, paxta, to‘qimachilik, oltin, kimyo, avtomobilsozlik, mashinasozlik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Mamlakat tez rivojlanayotgan sanoat bazasiga ega. Masalan, 2024-yilda Pokiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi umumiy savdo hajmi 726 million AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, shundan 404 million dollari O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (239 million dollar), Tojikiston (58 million dollar), Turkmaniston (41,2 million dollar) va Qirg‘iziston (12 million dollar) qayd etilgan”, – deydi muallif.

Taʼkidlanishicha, Pokiston nuqtai nazaridan O‘zbekiston noanʼanaviy bozorlarga eksportni kengaytirish uchun muhim imkoniyatdir. Xususan, farmatsevtika mahsulotlari, tibbiy jihozlar, guruch va sport tovarlariga O‘zbekistonda talab yuqori. Shu bilan birga, Pokiston O‘zbekistondan paxta, neft mahsulotlari, o‘g‘itlar, oltin va sanoat uchun zarur bo‘lgan boshqa tovarlarni import qilishi mumkin.

Pokiston va O‘zbekiston o‘zaro savdoni yanada oshirish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Ikki davlat ham 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSh dollariga yetkazishni maqsad qilgan.

Maqola yakunida Adam Saud “O‘zbekiston Pokiston uchun Markaziy Osiyo bozorlariga kirishda asosiy darvoza hisoblanadi. O‘zbekistonni ustuvor deb belgilash boshqa Markaziy Osiyo respublikalarini unutish degani emas. Aksincha, bu mintaqaviy dinamika va milliy manfaatlarni realistik baholashdir. O‘zbekiston bilan kuchli va ko‘p qirrali hamkorlik Pokistonga Markaziy Osiyo bilan keng qamrovli bog‘liqlikni chuqurlashtirish va tarixiy aloqalarni qayta tiklash imkonini beradi. Bunday bog‘liqlik esa Pokistonning Markaziy, Janubiy, Janubi-Sharqiy va G‘arbiy Osiyo o‘rtasida ko‘prik sifatidagi rolini mustahkamlaydi”.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish