Logo

O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmonlik hamkorligi mustahkamlanmoqda

Fevral 05, 2026. 17:15 • 2 daq

42
O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmonlik hamkorligi mustahkamlanmoqda

MADRID, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov Ispaniya Savdo palatasi prezidenti Xose Luis Bonet Ferrer bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning joriy va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Ispaniya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim sheriklaridan biri ekani taʼkidlandi. So‘nggi olti yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi deyarli ikki baravar oshdi va 2025-yil yakuniga ko‘ra 106,4 million AQSh dollarini tashkil etdi. Shu bilan birga, tovar ayirboshlashning bugungi hajmi ikki mamlakat iqtisodiyotining salohiyatini to‘liq aks ettirmayapti.

Savdo palatasi prezidenti Xose Luis Bonet Ferrer O‘zbekistonda savdoni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va xorijiy investorlar huquqini himoya qilishga qaratilgan tarkibiy islohotlar o‘z samarasini berayotgani, Ispaniya ishbilarmon doiralarining qiziqishi bosqichma-bosqich ortib borayotganini taʼkidladi.

O‘zbekistondagi meʼyoriy-huquqiy muhit, amaldagi soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar, industrial parklar va tarmoq klasterlari investorlar uchun jozibador bo‘lmoqda.

Uchrashuv yakunida amaliy va uzoq muddatli hamkorlikka, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini, maqsadli B2B uchrashuvlari va biznes-forumlarni rivojlantirishga, jumladan, Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun ispaniyalik tadbirkorlarni jalb qilishga ko‘maklashish hamda 2026-yilda Madrid shahrida O‘zbekiston–Ispaniya biznes forumini birgalikda tashkil etishga intilish tasdiqlandi.

Taʼkidlash joizki, Ispaniya savdo palatasi (Cámara de Comercio de España) Ispaniya hududida 85 ta hududiy palata va Yevropa, Amerika, Osiyo, Afrika va Avstraliyaning 40 dan ortiq mamlakatlarida 44 ta xorijiy vakolatxonalarni birlashtirgan milliy tashkilotdir. Palata Ispaniya biznesi manfaatlarini ifodalaydi, xalqaro savdo va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi kompaniyalarning baynalmilallashuviga ko‘maklashadi, xususiy sektor va davlat hamda xalqaro tuzilmalar o‘rtasida vositachi bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish