Logo

Misr OAV: Orol dengizining qurigan joyida yangi ekotizim paydo bo‘lmoqda

Aprel 20, 2026. 11:49 • 3 daq

226
Misr OAV: Orol dengizining qurigan joyida yangi ekotizim paydo bo‘lmoqda
Misr OAV: Orol dengizining qurigan joyida yangi ekotizim paydo bo‘lmoqda

QOHIRA, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Misrning nufuzli “Sada al-Balad” va “Al-Diplomasi” axborot agentliklarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti vakillarining Orol dengizi qurigan hududida yangi ekotizim paydo bo‘layotgani bo‘yicha tayyorlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, XX asr boshlarida Markaziy Osiyodagi eng yirik suv havzalaridan biri bo‘lgan Orol dengizi keyinchalik keskin quriy boshladi. Natijada, uning o‘rnida ulkan hududni egallagan yangi cho‘l shakllandi.

Bugungi kunda bu hudud Markaziy Osiyodagi eng yirik antropogen cho‘l ekotizimlardan biri sifatida baholanmoqda. Dengiz sathining pasayishi natijasida 60 ming kvadrat kilometrdan ortiq suvli va botqoq yerlar quruqlikka aylandi.

Orol dengizi qurishi nafaqat iqlim va tuproq tarkibiga, balki tirik organizmlar dunyosiga ham katta taʼsir ko‘rsatdi. Ilgari suv va botqoq muhitga moslashgan ko‘plab turlar kamayib ketdi. Biroq shu bilan birga, yangi paydo bo‘lgan Orolqum cho‘lida mutlaqo boshqacha ekotizim shakllanib, yangi qushlar jamoalari vujudga keldi. Bu hududda turli muhitlarga moslashgan qushlar yashay boshladi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari tomonidan Orolqumdagi ornitofauna holatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi – qushlar uchun muhim bo‘lgan hududlarni aniqlash, ularning tur xilligi, tarqalishi va ekologik o‘zgarishlarga moslashuvini o‘rganishdan iborat.

Agentliklarda berilgan maqolada taʼkidlanishicha, 2025-yil kuz oylarida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani hududida keng ko‘lamli dala tadqiqotlari o‘tkazildi. Olimlar maxsus usullar orqali hududni kvadratlarga bo‘lib, har birida qushlarni kuzatish ishlarini amalga oshirdi. Bu yondashuv qushlarning qaysi muhitda ko‘proq uchrashini aniqlashga yordam berdi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Orolqum hududida bir nechta turli tabiiy muhitlar shakllangan: sho‘rlangan yerlar, qumli cho‘llar, toshli va shag‘alli hududlar, gilli (loyli) maydonlar, balandliklar va jarliklar.

Shuningdek, ayrim joylarda Orol dengizining qoldiq suv havzalari va sunʼiy ko‘llar ham mavjud bo‘lib, ular suv qushlari uchun muhim yashash joyi hisoblanadi.

Olib borilgan tadqiqotlar natijasida 91 turga mansub qushlar qayd etildi. Ularning 13 tasi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan nodir va himoyaga muhtoj turlardir. Bir qator turlar xalqaro tabiatni muhofaza qilish ro‘yxatlariga ham kiritilgan.

Eng ko‘p qushlar turi qumli cho‘l hududlarida uchrashi aniqlandi. Bu yerlarda o‘simliklar xilma-xilligi va yashash sharoiti qulayligi sababli turli ekologik guruhlarga mansub qushlar yashaydi. Aksincha, sho‘rlangan va gilli hududlarda qushlar soni kamroq.

Tadqiqotlar yana bir muhim jihatni ko‘rsatdi: tabiiy holda saqlanib qolgan Orol dengizi qismlari qushlar uchun unchalik ahamiyatli emas. Aksincha, inson tomonidan yaratilgan sunʼiy suv havzalari suv qushlari uchun asosiy yashash manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Orolqum qisqa vaqt ichida shakllangan noyob cho‘l ekotizimi bo‘lib, u turli biotoplar va bioxilma-xillikka ega. Ushbu hududdagi qushlar tarqalishi va yashash muhitini o‘rganish kelgusida ularni muhofaza qilish, muhim hududlarni aniqlash va ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish