Logo

Toshkentda O‘zbekiston qurilish-interyer yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda

Fevral 11, 2026. 16:01 • 2 daq

111
Toshkentda O‘zbekiston qurilish-interyer yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda
Toshkentda O‘zbekiston qurilish-interyer yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda

TOSHKENT, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda O‘zbekiston qurilish-interyer yarmarkasi – “Uzbekistan Construction and Interior Week” bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2026-yil 10–12-fevral kunlari “O‘zekspomarkaz” MKKning barcha pavilyonlarida mamlakat qurilish sanoatining asosiy tadbirlari: “Qurilish – UzBuild 2026” 27-O‘zbekiston xalqaro ko‘rgazmasi, “Qurilish texnikasi va texnologiyalari – BuildTech 2026” ixtisoslashtirilgan bo‘limi, “ICCI 2026” 7-qurilish sanoati xalqaro konferensiyasi tashkil etildi.

Tadbirlarda 22 ta davlatdan 450 ta kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda. Anʼanaviy ravishda xorijiy ishtirokchilar ulushi yuqori bo‘lib, 79 foizni tashkil etadi. Milliy pavilyonlar Germaniya, Rossiya va Turkiya tomonidan taqdim etilgan, jamoaviy ekspozitsiyalar, Eron, Latviya va ilk bor Gruziyadan “Made in Georgia” formatida namoyish qilinmoqda.

Ko‘rgazmalar turli qurilish yo‘nalishini qamrab oldi – materiallarni loyihalashtirish va ishlab chiqarishdan tortib, pardozlash va muhandislik yechimlarigacha. Maydonlarda zamonaviy texnologiyalar, qurilish texnikasi, innovatsion materiallar, infratuzilma ishlanmalari namoyish etilmoqda.

Ishbilarmonlik dasturining asosiy voqeasi “Yangi O‘zbekiston: g‘oyalardan keng ko‘lamli yechimlarga” mavzusiga bag‘ishlangan “ICCI 2026” qurilish sanoati xalqaro konferensiyasi bo‘ldi. Muhokamalarda “Yangi Toshkent” megaloyihasini amalga oshirish, qurilish materiallari ishlab chiqarishda innovatsiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“UzBuild” mamlakatning yetakchi sanoat platformasi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga hissa qo‘shadigan milliy brend maqomini tasdiqlaydi.

Xitoy kompaniyasi prezidenti Xanna Syuy ko‘rgazma haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Ushbu yarmarkada ilk marta ishtirok etayapmiz. Biz aniq maqsad bilan keldik – yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va potensial mijozlarni topish. Xitoy va O‘zbekiston ishonchli sheriklardir, mamlakatlarimiz o‘rtasida anʼanaviy do‘stona va konstruktiv munosabatlar qaror topgan. Bu hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.

XXR Raisi Si Szinpinning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi allaqachon Xitoy ishlab chiqaruvchilariga keng yo‘l ochib, iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Aynan shu nuqtai nazardan biz ushbu ko‘rgazmada ishtirok etishga qaror qildik.

Ish jarayonida biz, birinchi navbatda, mebel ishlab chiqaruvchilar va mebel fabrikalari orasida ishonchli hamkorlar topishni rejalashtirmoqdamiz. Umuman olganda, men optimistik kayfiyatdaman va ishonchim komilki, bizning ishtirokimiz aniq va amaliy natijalar beradi.

Biz uzoq muddatli va istiqbolli sheriklik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdormiz. Agar sizda mebel biznesi sohasida ishlaydigan va hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan kompaniyalar yoki tadbirkorlar bilan aloqalaringiz bo‘lsa, yordamingiz uchun minnatdor bo‘lamiz.

O‘zbekiston va tashkil etilgan yarmarka haqidagi taassurotlarimga kelsak, ular nihoyatda ijobiy. Ayniqsa, odamlarning iliq va samimiy munosabati menda katta taassurot qoldirganini alohida taʼkidlashni istardim.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish