Rossiyada migrantlarni ishdan bo‘shatish qoidalari o‘zgartiriladi
Fevral 11, 2026. 14:20 • 1 daq
• 9
MOSKVA, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Shu yil 1-martdan boshlab Rossiyada migrantlarni ishdan bo‘shatish uchun asoslar ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “TASS” manbasiga tayanib.
Manbaga ko‘ra, hududiy darajada chet el ishchi kuchini jalb etishga cheklovlar joriy etilgan taqdirda, ish beruvchilarga migrantlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish huquqi beriladi. Bungacha Rossiya Mehnat kodeksida xorijiy fuqarolar bilan mehnat munosabatlarini faqat federal darajada cheklovlar o‘rnatilganda tugatishga ruxsat berilgan. Yangi tuzatishlar ushbu ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasi subyektlari hokimiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ham kiritishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish materiallarida qayd etilishicha, 2025-yilda shunday cheklovlar qator hududlarda, jumladan, Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Novgorod va Nijniy Novgorod viloyatlarida joriy etilgan. Hududiy hujjatlarda patent asosida ishlayotgan xorijiy fuqarolar mehnatidan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida foydalanishni taqiqlangan.
Shu bilan birga, ish beruvchilar huquqiy noaniqlikka duch kelgan: hududiy taqiqlarga rioya qilmaslik 1 million rublgacha jarima yoki faoliyatni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid solgan, biroq xorijiy xodimni ishdan bo‘shatish noqonuniy deb topilishi va qo‘shimcha xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan.
Hujjatda keltirilishicha, taklif etilayotgan o‘zgarishlar ushbu huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish va mehnat qonunchiligini migratsiya bandligini hududiy tartibga solish amaliyotiga moslashtirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
