Islomobodda futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchi davlatlari elchilari uchrashdi
Aprel 07, 2026. 13:00 • 3 daq
• 44
ISLOMOBOD, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokiston poytaxtida shu yil AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan davlatlar elchilari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Pokistonda akkreditatsiyadan o‘tgan, Jahon chempionati ishtirokchilari hisoblangan O‘zbekiston, Turkiya, Marokash hamda Bosniya va Gersegovina elchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mazkur mamlakatlarning saralash bosqichlarida bosib o‘tgan yo‘li, futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, sportning yoshlar salomatligi va tarbiyasidagi o‘rni haqida har bir davlat vakillari tomonidan taqdimot namoyish qilindi.
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev o‘z chiqishida, mamlakatimizda futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. U so‘nggi yillarda bolalar va o‘smirlar futboliga katta eʼtibor qaratilayotgani, zamonaviy futbol akademiyalari tashkil etilayotgani, murabbiylar malakasi xalqaro standartlar asosida oshirilayotganini taʼkidladi. Bu omillar raqobatbardosh milliy terma jamoani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Shuningdek, diplomat O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatiga yo‘llanma olishiga sabab bo‘lgan asosiy omillarga ham eʼtibor qaratdi. Jumladan, ichki chempionat saviyasining oshishi, yosh isteʼdodlarning kashf etilishi va futbol infratuzilmasining izchil rivojlanishi mamlakatning xalqaro maydondagi natijalariga ijobiy taʼsir ko‘rsatayotgani taʼkidlandi.
Elchi Alisher To‘xtayev mamlakatimizda sport, xususan futbol infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi:
– O‘zbekistonda professional va ommaviy futbolni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan futbol sohasini rivojlantirishga qaratilgan qator qaror va farmonlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlarning amaliy ijrosi natijasida O‘zbekistonda futbol yangi bosqichga ko‘tarildi. Turli yosh toifalaridagi terma jamoalarimiz qitʼa va jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etmoqda. Xususan, 19 va 20 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalarimiz Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilish imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda. Jumladan, 2027-yilda O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birgalikda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ayni paytda ushbu musobaqaga puxta hozirlik ko‘rilyapti.
Yangi Toshkent shahrida 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy stadion qurilishi jadal surʼatlarda davom etmoqda. Bu kabi inshootlar xalqaro talablarga javob beradigan darajada barpo etilib, nafaqat milliy, balki nufuzli xalqaro o‘yinlarni ham o‘tkazish imkonini yaratadi. Bunday saʼy-harakatlar O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ishtiroki va mamlakatimizning jahon futbol xaritasidagi o‘rnini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar futbol nafaqat raqobat, balki do‘stlik va o‘zaro anglashuv ko‘prigi ekanini yana bir bor taʼkidlab, Jahon chempionatida ishtirok etuvchi barcha jamoalarga omad tiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati iyuniyul oylarida o‘tkaziladi. Mundialning guruh bosqichida O‘zbekiston Kolumbiya, Portugaliya va Kongo terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi