O‘zbekiston maktab jamoalari Olmaotada shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etmoqda
Aprel 07, 2026. 19:30 • 2 daq
• 144
OLMAOTA, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun Olmaota shahridagi Qozog‘iston mehmonxonasida maktab jamoalari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha “World Schools Team Championship 2026” (WSTC 2026) jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Musobaqa avvalida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, Olmaota shahri hokimi o‘rinbosari Nurlan Abduraxim hamda Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov chempionat ishtirokchilariga omad tiladi. Ular butun dunyo bo‘ylab shaxmatni taʼlim tizimlariga integratsiya qilish muhimligini alohida taʼkidladi.
Turnir Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE), Xalqaro maktab shaxmat federatsiyasi (ISCF) tomonidan tashkil etildi.
Shu yilning 6-11-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan musobaqada 8 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari ishtirok etadi. Unda 19 ta davlatdan 26 ta jamoa, jumladan, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Singapur, Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Malayziya va boshqa mamlakat vakillari qatnashadi.
Tashkilotchilar maʼlumotiga ko‘ra, turnir Shveysariya tizimi bo‘yicha o‘tkazilmoqda. To‘rt kun davomida ishtirokchilar kuniga ikkitadan, sakkizta tur o‘ynaydi. Har bir partiyaga 45 daqiqa beriladi va har bir yurishga 10 soniya qo‘shiladi. G‘alaba uchun jamoa ikki ochko, durang uchun bir ochko oladi.
Asosiy musobaqadan tashqari, tajriba almashish maqsadida ishtirokchilar uchun grossmeysterlar bilan uchrashuvlar va mahorat darslari tashkil etiladi.
Mazkur xalqaro shaxmat turnirida O‘zbekiston nomidan ikkita taʼlim muassasasi ishtirok etmoqda: “WISDOM SCHOOL” va “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL”.
Mutaxassislarning fikricha, birinchi kun yakunlariga ko‘ra, “WISDOM SCHOOL” jamoasi barqaror o‘yin namoyish etib, kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda ishonchli harakat qildi. Jamoaning alohida ishtirokchilari o‘z doskalarida yaxshi individual natijalarga erishdi.
Yosh va istiqbolli shaxmatchilarga eʼtibor qaratgan holda tuzilgan “AL-KHWARIZMI IT SCHOOL” jamoasi jangovar xarakterga ega bo‘lib, bir qator muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi