Aleksandra Perminova: Rossiya–O‘zbekiston munosabatlari ko‘lami sezilarli darajada rivojlanmoqda
Sentabr 01, 2026. 08:00 • 4 daq
• 63
MOSKVA, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari, siyosatshunoslik fanlari nomzodi Aleksandra Perminova yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yilligi bilan chin ko‘ngildan tabriklayman.
So‘nggi yillarda Rossiya–O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar ko‘lami va mazmuni jihatidan sezilarli darajada rivojlandi. Bunday aloqalar siyosiy jihatdan har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari sifatida belgilangan. Iqtisodiyotda esa bu tushunchalar ortida aniq raqamlar, korxonalar va loyihalar turibdi. 2026-yil iyul oyida ikki mamlakat prezidentlari suhbat chog‘ida o‘zaro munosabatlarni yana-da rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.
2026-yil iyun oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning O‘zbekiston siyosatidagi o‘rni haqida fikr bildirib, Rossiya O‘zbekiston uchun vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkor va ittifoqchi ekanini alohida taʼkidlagan edi.
Bu baho rasmiy statistika bilan ham tasdiqlanadi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 10 foizga oshib, 13 milliard dollarni tashkil qildi. O‘zbekiston yetakchisi aytganidek, so‘nggi o‘n yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyod oshib, 4 milliard dollardan 13 milliard dollarga yetdi. O‘sish 2026-yilda ham davom etmoqda.
Rossiya–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligi faqat savdo bilan cheklanib qolmayapti. Sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar va qo‘shma ishlab chiqarishlar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 3,2 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Ikki mamlakat kompaniyalari metallurgiya, energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, raqamlashtirish va boshqa sohalarda yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Qo‘shma loyihalar ko‘lami ham ortib bormoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiya bilan qo‘shma loyihalar portfeli 50 milliard dollardan oshadi. Aniq yo‘nalishlar qatorida O‘zbekistonning beshta hududida qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish va Toshkentda vagonsozlik klasterini barpo etish bor. Hozir amalga oshirilayotgan hududlararo loyihalar hajmi 5 milliard dollarga baholanmoqda, yana 5 milliard dollarlik yangi investitsiyalar paketi tayyorlanmoqda.
Qo‘shma ishlab chiqarish yo‘nalishi ham rivojlanmoqda, mahalliylashtirish oshirilib, yangi kooperatsiya aloqalari shakllanmoqda. Ikki davlat rahbarlari keyingi maqsad sifatida 2030 yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.
Energetika sohasi alohida o‘rin tutadi. 2026-yil 4-iyun kuni Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energobloki qurilishini boshlashga start berdi. Loyiha kichik modulli atom energetikasi va yirik bazaviy energetikani uyg‘unlashtirib, O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalish bo‘lgan atom energetikasini rivojlantirishga asos yaratadi.
Ikki tomonlama munosabatlar faqat milliardlab dollar yoki sanoat obyektlari bilan cheklanib qolgani yo‘q. Taʼlim, madaniyat, til, ilmiy va kasbiy aloqalar bo‘yicha ham yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Hozirda O‘zbekistonda Rossiya oliy taʼlim muassasalarining 15 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda jami 32 ta xorijiy universitet filiali ishlamoqda, yaʼni ularning qariyb yarmi Rossiya taʼlim muassasalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu Rossiya universitetlarining xorijdagi eng yirik tarmog‘idir. Qolaversa, Olmaliq va Toshkentda dastlabki qo‘shma muhandislik maktablari faoliyat boshlagan.
Aynan shunday gumanitar aloqalar ko‘p jihatdan munosabatlarning yillar davomida barqaror bo‘lishini taʼminlaydi. Iqtisodiy vaziyat va davlatlarning ayrim ustuvor yo‘nalishlari o‘zgarishi mumkin. Biroq universitetlar, ilmiy tashkilotlar, korxonalar, hududlar va, eng muhimi, insonlarning doimiy hamkorligi kelgusidagi hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.
2025-yilgi maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiyaning qariyb 80 ta subyekti O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilgan. 2026-yil iyul oyida ikki davlat yetakchilari hududlar o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini eʼtirof etdi.
Umuman olganda, mamlakatlarimizni birlashtiruvchi jihatlar ko‘p. Shu bois, O‘zbekiston va Rossiya ko‘p yillardan buyon muhim hamkor hisoblanadi. Maqsad va manfaatlar mushtarakligi hamda uzoq muddatli yirik loyihalar o‘zaro aloqalarni mustahkamlamoqda.
O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik, yangi islohotlarda kuch va g‘ayrat tilayman.
Rossiya–O‘zbekiston munosabatlari yanada rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat tobora mustahkamlansin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi