Misrlik olim tomonidan “O‘tkan kunlar” romanining arab tilidagi tarjimasi chop etildi
Dekabr 30, 2025. 13:03 • 5 daq
• 105
QOHIRA, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. “Dar al-Maʼarif” nashriyotida adabiyot sohasidagi ko‘zga ko‘ringan misrlik olim va tarjimon, professor Muhammad Nasriddin al-Jabaliyning o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining arab tilidagi tarjimasi chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda Misrdagi nufuzli OAVdan biri hisoblangan “Al-Masriy al-Yaum” AA tomonidan eʼlon qilingan maqolada batafsil to‘xtalib o‘tilgan.
Materialda taʼkidlanishicha, faoliyati davomida al-Jabaliy qator muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, u Luksor universiteti Tillar fakulteti dekani, Ayn-Shams universiteti filologiya fakulteti Rus tili kafedrasi mudiri, Sadat nomidagi Maʼmuriy fanlar akademiyasi va MUST universitetida Rus tili kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. U Moskvada Misrning madaniy maslahatchisi vazifasini bajargan va aynan uning u yerdagi ko‘p yillik tajribasi Misr va rus madaniyati o‘rtasidagi adabiy aloqalarni rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan.
Al-Jabaliyning taʼkidlashicha, “O‘tkan kunlar” romani kitobxonning Markaziy Osiyo tarixi va xalqlari madaniyati haqidagi bilimini boyitadi. Asar boshida muallif o‘quvchiga qisqa muqaddima bilan murojaat qilib, bu kitobni “Tohir”, “Burhaq Arslon”, “Chor odaliski”, “Qora marjon”, “O‘zar olami” kabi avvalgi asarlarida boshlagan ishlarini davom ettirib, qorong‘u davrni yoritish ishtiyoqida yozganini aytadi. U “O‘tkan kunlar”ni o‘tmishga qaytish orqali bilim eshigini ochish uchun kichik, ammo zarur urinish, deb hisoblaydi. Asarni qisqa nostalgiya sifatida emas, balki bugunni anglash uchun tarixda ro‘y bergan xatolarni tuzatish yo‘li sifatida qarash lozimligi uqtiriladi.
Maqolada aytilishicha, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani Markaziy Osiyo adabiyoti tarixida birinchi o‘zbek realistik romani bo‘lgani uchun emas, balki qadimgi xalqning tarixiy burilish nuqtasida uning kollektiv xotirasini qayta tiklovchi insoniy va tarixiy hujjat bo‘lgani uchun ham muhimdir. Ushbu tanqidiy talqinning alohida ahamiyatini professor Muhammad Nasr ad-Din al-Jabaliy tomonidan amalga oshirilgan batafsil arabcha tarjima ochib bergan. U matnni faqat tarjima orqali yetkazish bilan cheklanmagan, balki satrlar orasiga yashiringan tafsilotlarga ongli ravishda kirib borgan. U arab va o‘zbek madaniyatlari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etuvchi fundamental asarni taqdim etib, arab o‘quvchisiga ushbu romanning mohiyatini kashf etish imkonini berdi. Tarjima to‘g‘ridan-to‘g‘ri semantik funksiya doirasidan chiqib, sivilizatsion vositachilik darajasiga ko‘tarilgan. Tarjimon asl matn ruhi va uning madaniy kodlarini saqlab qolgan.
Bu asar tahliliga murojaat qilish, avvalo, millat ko‘zgusi deb nom olgan muallif – Abdulla Qodiriy (1894–1938) shaxsiyatiga to‘xtalishni taqozo etadi.
Qodiriy Toshkentda badavlat oilada voyaga yetgan, bu esa unga jamiyatning turli qatlamlari – savdogardan tortib hunarmandlargacha, kambag‘aldan tortib zodagonlargacha muloqot qilish imkonini bergan. Bu xilma-xil ijtimoiy formatsiya, XX asr boshlaridagi murakkab siyosiy o‘zgarishlarni (Chor hokimiyati va Bolsheviklar inqilobi) erta anglash bilan birgalikda, romanning tuzilishida bevosita aks etdi. Qodiriy tarixni alohida shaxs – Otabek va uning sevgilisi Kumush fojiasi orqali qayta jonlantirgan. So‘nggi xonlar davrida Turkiston boshidan kechirgan ijtimoiy qoloqlik va siyosiy istibdod ildizlarini tasvirlashga harakat qilgan.
Romandagi matn tuzilishi baxtli illyuziyalarga o‘rin qoldirmaydi: har bir tafsilot – “Toshkent ustiga yopirilgan qonli bulutlar”lardan tortib, “Marg‘ilonning yomon ob-havosi”gacha bu individual muhabbatning beqaror ijtimoiy va siyosiy voqelik qoyasiga urilib parchalanishini kutayotganini tasdiqlovchi semiotik belgi vazifasini bajaradi.
Asardagi makonning rolini ham eʼtibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ekologik semiotika kontekstida romandagi makon oddiy geografik dekoratsiyadan to‘laqonli semiotik aktantga aylanadi. Toshkent qamali va Marg‘ilondagi savdo-sotiq shunchaki ikki shahar emas, balki ramziy qarama-qarshilikdagi ikki qutbdir. Toshkentdagi “Xon saroyi” shafqatsiz hokimiyatning ramziy timsoli sifatida namoyon bo‘lib, u yerda kesilgan boshlar osib qo‘yiladi va fitnalar to‘qiladi. Bu yopiq va bo‘g‘iq makon, tarjimon taʼkidlaganidek, hukmron elitaning maʼnaviy qashshoqlik darajasini aks ettiradi.
Bunga qarama-qarshi o‘laroq, Otabek va Kumush uchrashadigan Marg‘ilondagi uy tashqi dunyo zulmidan qutulishga urinayotgan xayoliy makon sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq voqea-hodisalarning maʼno-mazmunini yaratishda, shakllanishida tabiiy muhitning o‘zi ham ishtirok etadi: qahraton sovuq, suyak-suyakkacha kirib boruvchi shamol, karvonsaroydagi tungi qorong‘ilik – bularning barchasi Otabek qahramon boshidan kechirayotgan begonalik, yolg‘izlik holatini aks ettiruvchi maʼnolar bo‘lib, muhabbat tug‘iladigan muhitning aslida dushmanlik ekanidan darak beradi.
Romandagi dialoglar lingvistik semiotika darajasida qatʼiy ijtimoiy kodlarni ochib beradi. Ularni Otabekning otasi Yusufbek hoji yoki Qutidor bilan muloqotida kuzatish mumkin. Bu yerda hurmat va bo‘ysunish meʼyorlari ustunlik qiladi (“men sizning qulingizman”, “mening xo‘jayinim”). Bu esa patriarxal tizimning diskursdagi hukmronligini aks ettiradi va Abdurahmon Jomiyning “Yetti taxt” turkumidagi shoh asarlaridan biri “Salamon va Absol” masnaviysidagi Salomonning otasi bilan munosabatini eslatadi. Shu bilan birga, Otabek va Kumush o‘rtasidagi qarashlar va sukutlar tili (“uxlayotgan kishining g‘o‘ldirashi”, “qora ko‘zlar”, “yarim oydek qoshlar”) rasmiy til devorini yorib o‘tishga intilayotgan ezilgan istak tilidir. Tarjimon, doktor al-Jabaliy, ismlar va madaniy atamalarning (masalan, “bek”, “oyim”, “adras” kabi) aniqligini saqlab qolgan holda ushbu til tebranishlarini yetkazishga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan voqelik taʼsirini kuchaytirgan va arab o‘quvchisiga o‘zbek madaniy tizimiga sho‘ng‘ish imkonini bergan.
Bu asarni psixologik o‘qish uchun idrok ufqini ochadi. Psixoanalitik Jak Lakan qarashlariga murojaat qiladigan bo‘lsak, Otabek obrazi va uning konflikti “xayoliy–ramziy–real” uchligi orqali talqin etilishi mumkin. Otabekning Kumushga bo‘lgan muhabbati “xayoliylik” bosqichi bo‘lib, unda u o‘z “men”ining tugallanishini va uning ideal obrazini (“sen unga teng va barobarsan”) ko‘radi. Biroq bu muhabbat anʼanaviy nikohning zarurligi, ota-onaga itoatkorlik va xon hokimiyatiga bo‘ysunishda ifodalangan “ramziy” - “ota qonuni” va jamiyat bilan to‘qnashadi.
Otabekning fojiasi shundaki, u Zaynab (ikkinchi xotini) tomonidan ijtimoiy voqelik sifatida o‘rnatilgan “ramziy tartib” bilan kelisha olmaydi, Kumush esa imkonsiz istak bo‘lib qoladi.
Abdulla Qodiriy asarning barcha unsurlarini – muhitdan tortib tilgacha o‘zining asosiy g‘oyasiga xizmat qildirishga muvaffaq bo‘lgan: parchalanib borayotgan va adolatdan mahrum bo‘lgan jamiyatda individual baxtning mumkin emasligi. Tarjimon Muhammad Nasriddin al-Jabaliyning xizmati shundaki, u bu “zich qurilgan” matnni ifodali arab tilida taqdim etib, o‘zbek dardining “poetikasi”ni saqlab qolgan va o‘quvchini bugungi kun va o‘tmish aks etgan tarix ko‘zgusi oldiga qo‘ygan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi