Islomobodda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yanada jadallashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi
Dekabr 25, 2025. 14:03 • 2 daq
• 466
ISLOMOBOD, 25-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining savdo va sanoat masalalari bo‘yicha Milliy koordinatori Ixsaan Afzal Xan bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, muqobil tranzit va logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish, hududlararo hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Elchi Alisher To‘xtayev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati va mamlakatimiz hududlarining investitsiyaviy salohiyati haqida batafsil so‘zlab berdi. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror va izchil o‘sishi, jumladan yalpi ichki mahsulot hajmining muttasil oshishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining sezilarli darajada ko‘payganini qayd etdi.
Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati va istiqbollariga eʼtibor qaratildi. Joriy yilning yanvar–noyabr holatiga ko‘ra, o‘zaro tovar aylanmasi 434 million AQSh dollarini tashkil etdi.
O‘zaro savdo hajmini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar ko‘rib chiqildi. Tranzit yo‘laklarining barqaror ishlashini taʼminlash, bojxona va chegara rasmiylashtiruvi bo‘yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va ikki tomonlama yuk tashish uchun soddalashtirilgan tartiblarni joriy etishning muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2025 yil iyul oyida imzolangan uch tomonlama hadli bitim ijrosi, Imtiyozli savdo bitimi doirasida tovar pozitsiyalari ro‘yxatini kengaytirishga oid muhim masalalar ko‘rib qildi.
Pokiston charm sanoatidagi yirik kompaniyalar va ishbilarmonlarni O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida biznes-missiyasini tashkil etish taklifi bildirildi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi turizm aloqalarini yanada rivojlantirish muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘ldi. Joriy yilda Pokistondan O‘zbekistonga borgan sayyohlar va ishbilarmonlar soni keskin ortgani qayd etildi. Shu bois, mavjud to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bir qatorda Toshkent–Karachi aviaqatnovini ochish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar savdo-iqtisodiy, transport-logistika va sanoat sohalarida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi