Berlinda O‘zbekistonning mineral-xomashyo salohiyati taqdim etildi
Dekabr 22, 2025. 12:07 • 2 daq
• 439BERLIN, 22-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida GFR xorijiy tog‘-kon sanoati va xomashyo sohasida xalqaro faoliyat uyushmasi (FAB) hamda Germaniya xomashyo resurslari agentligi (DERA) tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari elchixonalari bilan hamkorlikda mintaqa mineral-xomashyo salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda ushbu mamlakat tegishli davlat idoralari va sanoat korxonalari vakillari, diplomatik korpus rahbarlari, ilmiy muassasalar mutaxassislari hamda soha ekspertlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov yig‘ilganlarga yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, boy mineral-xomashyo zaxiralari, tog‘-kon va geologiya sohasidagi yangilanishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan investitsiyaviy muhit, qonunchilik asoslari, imtiyoz va qulay shart-sharoitlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Diplomat geologiya-qidiruv ishlari, qazib olish va qayta ishlash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlarida O‘zbekiston Germaniya bilan amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini alohida qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Germaniyaning qator soha vakillari, xususan, “Project Consult GmbH” kompaniyasi vakili Kristofer Demel, “Thyssen Schachtbau GmbH” MCHJ vakili Oleksandr Koval va “Noble Elements GmbH” vakili Ryudiger Shvars va boshqalar O‘zbekistonda tog‘-kon va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy natija berayotganini taʼkidladilar. Ular mamlakatda yer osti boyliklaridan foydalanish jarayonlarining shaffoflashuvi, yangi qidiruv maydonlarining xorijiy loyihalar uchun ochilayotgani va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik ko‘lami kengayib borayotganini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekistonni zamonaviy kon-qurilish hamda shaxta infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha istiqbolli bozor sifatida baholab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar. Nodir metallarga oid tashabbuslar doirasida esa mamlakatimizning resurs salohiyati hamda investorlar uchun ochiqligi yuqori baholandi.
Tadbir davomidagi muloqotlar O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish izchil ortib borayotgani, strategik xomashyo yo‘nalishida Germaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlari kengayotganini ko‘rsatdi.
Uchrashuvlar doirasida geologiya-qidiruv va tog‘-kon sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, sohadagi tashkilotlar o‘rtasida doimiy muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi va kelgusidagi hamkorlik qadamlari belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


