BBC 80 yildan so‘ng o‘zbek harbiy asirining sirini ochdi
May 07, 2026. 15:25 • 3 daq
• 53
LONDON, 7-may. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning mashhur BBC teleradiokompaniyasi saytida Olga Ivshina muallifligida “Askar Tomni qidirib: Ikkinchi jahon urushi davrida sovet harbiy asirining oilaviy siri” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu maqolada 80 yildan ortiq vaqt davomida taqdiri nomaʼlum bo‘lib kelgan o‘zbekistonlik Boqijon Akramov hamda uni fashistlar zulmidan asrab qolgan britaniyalik er-xotin Jon va Fillis Le Bretonlar tarixi haqida maʼlumot keltirilgan.
Maqolada yozilishicha, Jersi orolida Tom nomi bilan tanilgan Boqijon Akramov Ikkinchi jahon urushi yillarida natsistlar tomonidan Normand orollariga mudofaa istehkomlarini qurish uchun olib kelingan ikki mingga yaqin sovet harbiy asirlari va majburiy ishchilaridan biri bo‘lgan.
1943-yilda Boqijon Jersidagi natsistlarning majburiy mehnat lagerlaridan qochib ketgan. Charchagan, och va umidsiz holda u mahalliy fermerlar Jon va Fillis Le Bretonlarning eshigini taqillatadi. Ular xavfni tushunishadi va uni qabul qilib, hayotini saqlab qolishadi.
Boqijon Akramov keyinchalik asirlikda saqlangan lagerdagi sharoit haqida o‘z kundaligida shunday yozgan:
“Biz tong saharda to kechgacha tosh qazar edik. Yeguligimiz tushlikda sho‘rva, kechki ovqatimiz esa non va ozgina yog‘dan iborat edi. Kichik xatomiz uchun bizni shafqatsizlarcha kaltaklashardi. Agar ishlay olmasak, och qoldirishardi va yana kaltaklashardi. Ular bizning kasal ekanimizga hech qachon ishonishmasdi”.
Le Breton oilasi Boqijonni ikki yildan ortiq vaqt davomida yashirib kelgan. Ularning bu harakati juda xavfli edi. Jersining yana bir fuqarosi Luiza Gould Fyodor ismli sovet qochog‘ini yashirgani uchun Ravensbryuk konslageriga yuborilgan va gaz kamerasida halok bo‘lgandi. Le Bretonlar esa Tomga bolalari bilan birga o‘ynash va kitob o‘qishga ruxsat berishardi.
1945-yilda Normand orollari ozod etilgach, Boqijon Akramov Sovet Ittifoqiga qaytarib yuborildi. Bir qancha vaqt u o‘z xaloskorlari bilan aloqada bo‘lib turdi, biroq keyin yozishmalar to‘xtab qoldi va uning keyingi taqdiri uzoq yillar davomida nomaʼlum bo‘lib qoldi.
“Biz Tomni juda yaxshi ko‘rardik. U mening urushdan qolgan asosiy xotiram va uning surati hali ham krovatim yonida turibdi. Ammo urushdan keyin unga nima bo‘lganini haligacha bilmayman”, – deya xotirlagan edi Jon va Fillis Le Bretonlarning qizi Dalsi Le Breton.
Maqolada taʼkidlanishicha, BBC jurnalistlari arxiv materiallari ustida olib borgan ko‘p yillik izlanishlar natijasida sobiq harbiy asirning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Qidiruv va surishtiruvlar muxbirlarni O‘zbekistonning Namangan viloyatiga olib kelgan va u yerda Boqijon Akramovning avlodlari topilgan.
Frontchining nabirasi Shamsiddin Oxunboyev Le Bretonlar oilasida saqlanib qolgan fotosuratlar haqiqatdan ham bobosiga tegishli ekanini tasdiqlagan. Qarindoshlarining aytishicha, Boqijon Akramov urush va asirlik davridagi kechinmalari haqida kamdan-kam gapirgan.
Sobiq sovet harbiy asirlari vataniga qaytganidan so‘ng ko‘pincha shubhali munosabat va mehnat faoliyatidagi cheklovlarga duch kelgani taʼkidlangan. Boqijon Akramov qobiliyati va tajribasiga qaramay, uzoq yillar Namangandagi zavodlardan birida bog‘bon bo‘lib ishlagan.
BBC ko‘magida Boqijon Akramovning O‘zbekistondagi oilasi va urush davrida uni qutqargan oilaning qizi, hali ham Jersi orolida istiqomat qilayotgan Dalsi Le Breton o‘rtasida videomuloqot tashkil etilgan.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti farmoniga ko‘ra, Buyuk Britaniya fuqarolari – marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorati va insonparvarlik harakatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan. Davlat mukofoti ularning qizi Dalsi Le Bretonga topshiriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi