Britaniya kompaniyasi O‘zbekiston bilan yuridik sohada hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi
Fevral 11, 2026. 19:58 • 2 daq
• 17
LONDON, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov nufuzli “Omnia Strategy LLP” xalqaro yuridik kompaniyasi hammuassisi va raisi, Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Toni Blerning rafiqasi Sheri Bler bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2011-yilda Londonda tashkil etilgan “Omnia Strategy LLP” kompaniyasi xususiy shaxslar, korporativ mijozlar va davlat tuzilmalariga yuqori malakali huquqiy xizmatlar ko‘rsatuvchi nufuzli xalqaro yuridik firma hisoblanadi.
Kompaniya huquq, siyosat, biznes va kommunikatsiya sohalarida fanlararo ekspertizaga tayangan holda strategik huquqiy yordam ko‘rsatadi va Yevropa, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Afrika va dunyoning boshqa mintaqalaridagi mijozlar bilan ishlaydi.
Suhbat chog‘ida Sheri Bler O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarni, xususan, xorijiy investorlar uchun qulay va shaffof huquqiy muhitni shakllantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Shu munosabat bilan “Omnia Strategy LLP” vakillari O‘zbekistondagi iqtisodiy va huquqiy jarayonlarda faol ishtirok etish, milliy qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashish va xorijiy investorlarga maslahat xizmatlarini ko‘rsatish orqali mamlakatning xalqaro imijini yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, tomonlar Buyuk Britaniyada “Omnia Strategy LLP” bilan hamkorlikda O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlarini yanada keng targ‘ib qilish, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarni ommalashtirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
