O‘zbekiston repatriatsiya tahdid emas, balki barqarorlikka sarmoya ekanini amalda isbotladi
Fevral 11, 2026. 17:59 • 3 daq
• 106
TOSHKENT, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. Kecha Toshkentda sud taʼqibi, reabilitatsiya va reintegratsiya (PRR) loyihasi Milliy maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan tashkil etilib, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi (YI), Global hamkorlik va barqarorlik jamg‘armasi (GCERF), Xalqaro adolat va qonun ustuvorligi instituti (IIJ), Zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ilg‘or tajriba markazi (Hedayah) hamkorligida o‘tkazildi.
Yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan uch yillik PRR dasturi doirasida saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Loyiha repatriantlar bilan ishlash milliy tizimini yanada takomillashtirish, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishning barqaror mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Global aksilterror forumi shafeligida tashkil etilgan uchta xalqaro institut ekspertizasini birlashtirish tashabbusning asosiy xususiyati hisoblanadi. GCERF mahalliy NNTlarni grantlar bilan qo‘llab-quvvatlash orqali fuqarolik jamiyatini jalb qilishni taʼminlaydi, Hedayah strategik aloqalar va taʼlim dasturlarini nazorat qiladi va IIJ qaytib kelganlar bilan ishlashning huquqiy mexanizmlari va institutsional amaliyotlarini takomillashtirishga yordam beradi. Hamkorlikning bunday formati O‘zbekistonning noyob metodologiyasini kengaytirish va xalqaro huquqiy, ijtimoiy va kommunikatsiya standartlarini birlashtirish imkonini beradi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev xalqaro qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston erishgan natijalarning jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilganidan dalolat berishini taʼkidladi. “Mamlakatimiz repatriatsiya tahdid emas, balki barqarorlikka sarmoya ekanini amalda isbotladi”, – dedi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilgan model gumanitar yondashuv va xavfsizlikni taʼminlashning uzoq muddatli vazifalarini birlashtiradi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi dasturiy menejeri Yana Kurpitsa loyiha qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha milliy dasturlarni kuchaytirish va mamlakatning institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilganini taʼkidladi.
BMT Aksilterror boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Karina Timshina Reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyatini alohida taʼkidladi. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Kengash bu boradagi mintaqaviy saʼy-harakatlarni sezilarli darajada faollashtiradi.
PRR loyihasini amalga oshirishning faol bosqichi AQSh elchixonasi, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi, YUNISEF va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuv yakunida GCERF, Hedayah va IIJ vakillari loyihani amalga oshirishning 2026-yilga mo‘ljallangan batafsil rejasini eʼlon qildi. Yig‘ilish ishtirokchilari belgilangan tadbirlarning samarali va muvofiqlashtirilgan holda bajarilishini taʼminlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar to‘plamini shakllantirdi.
Umuman olganda, Kengashning birinchi yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilishi hamkorlikni institutsionallashtirishda muhim qadam bo‘ldi va mamlakatning repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasida tizimli va kompleks yondashuvga sodiqligini tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
