Logo

Shvetsiyadan charter reys orqali O‘zbekiston fuqarolari vatanga olib kelindi

Fevral 11, 2026. 16:37 • 2 daq

97
Shvetsiyadan charter reys orqali O‘zbekiston fuqarolari vatanga olib kelindi

TOSHKENT, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. 11-fevralga o‘tar kechasi bortida yurtdoshlarimiz bo‘lgan charter reys Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Yevropa mamlakatlari bilan keng ko‘lamli yo‘nalishlarda, jumladan, migratsiya siyosati va fuqarolarga konsullik xizmati ko‘rsatish masalalari bo‘yicha hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.

Chet el davlatlari bilan diplomatik aloqalarning kengaygani samarasi o‘laroq tegishli idoralar bilan hamkorlikda Shvetsiyadan hamyurtlar charter reys orqali vatanimizga qaytarildi. 11-fevralga o‘tar kechasi bortida 21 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan charter reys Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi.

Aniqlanishicha, vatandoshlarimiz avval Shvetsiyaga belgilangan tartib-qoidani buzgan holda kirib, keyin mamlakat hududida migratsiya qonunchiligi talablariga rioya etmasdan yurgan.

Toshkentga yetib kelgan yo‘lovchilarni Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar vakillari kutib oldi. Fuqarolar vatanga qaytishda ko‘rsatgan yordami va qo‘llab-quvvatlashi uchun mamlakat rahbariyati va mutasaddi idoralarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Parvozni tashkil etish O‘zbekiston va Shvetsiya vakolatli organlarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi natijasida amalga oshirildi.

Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolarining huquq va manfaatlarini xalqaro majburiyatlar va qabul qiluvchi davlatlar qonunchiligiga rioya qilgan holda himoya qilishga qaratilgan izchil siyosatini aks ettiradi. Shu bilan birga, xorijga ketayotgan fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish va migratsiya rejimi buzilishining oldini olish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish