Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Fevral 25, 2026. 13:02 • 3 daq

15
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

BMT Ukrainada tinchlikni qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani qabul qildi

24-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Ukrainada tinchlikni qo‘llab-quvvatlash haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. “Ukrainada barqaror tinchlikni qo‘llab-quvvatlash” deb nomlangan rezolyutsiya uchun 107 davlat ovoz bergan, 12 davlat qarshi chiqqan, 51 mamlakat betaraf qolgan. Qarshi ovoz bergan 12 davlat – Rossiya, Belarus, Burkina-Faso, Burundi, Kuba, Shimoliy Koreya, Eritreya, Eron, Mali, Niger, Nikaragua va Sudan bo‘lgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston 51 ta betaraf davlat qatoridan joy olgan. Turkmaniston esa ovoz berishda umuman ishtirok etmagan. 

Manba: BMT

***

Kim Chen Inning 13 yoshli qizi yadroviy kuchlar rahbari bo‘ldi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘zining 13 yoshli qizi Kim Ju Aeni mamlakat yadroviy kuchlari rahbari etib tayinladi. Razvedka maʼlumotlariga ko‘ra, Ju Ae Shimoliy Koreya raketa tizimining bosh direktori lavozimini egallagan. Hozirda u harbiy generallardan hisobotlar qabul qilmoqda. Ayrim holatlarda u hatto 2023-yildan buyon Raketa maʼmuriyatini rasman boshqarib kelayotgan Chan Chan Xaga emas, balki bevosita harbiylarga topshiriqlar bermoqda.

Manba: The Chosun Daily 

***

Qozog‘iston mart oyida raketa uchiradi

Joriy yilning mart oyida Qozog‘iston va Rossiya hamkorlikda “Bayterek” loyihasi doirasida fazoga kosmik raketa uchiradi. Loyihaga ko‘ra, Rossiya raketa tashuvchisini ishlab chiqaradi, Qozog‘iston esa uning uchirish maydonchasini tayyorlaydi. Birinchi sinov parvozi 2026-yil mart oyiga rejalashtirilgan. 

Manba: Sputnik

***

Sankt Peterburg gubernatori Xayrullo Ibodullayevni mukofotladi

Sankt Peterburg gubernatori 7-qavatdan yiqilgan bolani qutqarib qolgan O‘zbekiston fuqarosi Xayrullo Ibodullayevni mukofotladi. Aleksandr Beglov yordamga shayligi va insoniy fazilati uchun unga “Qutqarishda ko‘rsatgan jasorati uchun” ko‘krak nishonini topshirdi. Rossiya Davlat dumasi deputati Nikolay Novichkov Xayrullo Ibodullayevning qahramonligi mukofot va hurmatga loyiqligini bildirib, agar istasa unga Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish kerakligini aytdi.

Manba: TASS

***

AQSh O‘zbekiston fuqarosiga sanksiya qo‘lladi

AQSh kiberxavfsizlik choralari doirasida “Rossiyaga aloqador” uchta yuridik shaxs va to‘rt nafar jismoniy shaxsga sanksiyalar joriy etdi. Ular orasida O‘zbekistonning bir nafar fuqarosi ham bor. Bu haqda AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi maʼlumotida maʼlum qilindi. Ro‘yxatdan Rossiya fuqarolari Sergey Zelenyuk, Oleg Kucherov va Marina Vasanovich hamda O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Mamashoyev joy olgan.

Manba: OFAC

***

Turkiyada F-16 qiruvchi samolyoti qulab tushdi

Turkiyaning Balikesir provinsiyasida harbiy-havo kuchlariga tegishli F-16 qiruvchi samolyoti halokatga uchradi. Turkiya Mudofaa vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 00:56 da radarlardan yo‘qolgan va uchuvchi bilan aloqa uzilgan. Qiruvchi samolyot Naifli qishlog‘i yaqinidagi Izmir–Istanbul avtomobil yo‘lining bir qismiga qulab tushgan. Hodisa oqibatida samolyot uchuvchisi halok bo‘lgan.

Manba: Yeni Akit

***

Rossiyada Pavel Durovga qarshi jinoiy ish ochildi

Rossiyada Telegram asoschisi Pavel Durovga qarshi jinoyat ishi ochildi. Qayd etilishicha, Telegram maʼmuriyati Roskomnadzor talablarini bajarmagani va 1 369 kanal, chat va botlarni bolalar pornografiyasi bilan bog‘liq, 3 771 ta narkotiklar bilan, 2 666 ta o‘z joniga qasd qilish bilan, 2 124 ta voyaga yetmaganlarni noqonuniy faoliyatga jalb qilish bilan bog‘liq kanallarni o‘chirmagan. Bundan tashqari, 10,5 mingdan ortiq kanal ekstremizmga chaqiruvlar va “dushmanni moliyalashtirish” bilan bog‘liq ekani, 1 125 kanalda ekstremistik va terroristik tashkilotlar materiallari joylashtirilgani keltirilgan.

Manba: Astra

***

Hindistondagi aviahalokatda 7 kishi qurbon bo‘ldi

Hindistonning Jarkxand shtatida bortida bemor va tibbiyot xodimlari bo‘lgan kichik samolyot qulab tushdi. Hodisa shtatning Chatra tumanida yuz bergan. Mahalliy politsiya bayonotiga ko‘ra, aviahalokat oqibatida samolyot bortidagi barcha – 7 kishi halok bo‘lgan. Samolyot baxtsiz hodisa tufayli tanasining 60 foizi kuygan 41 yoshli erkakni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun poytaxtga olib ketayotgan bo‘lgan.

Manba: TASS

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish