Logo

To'rt davlat bir kunda Falastinni tan olib, mintaqada o't ochishni to'xtatishga chaqirdi

Sentabr 22, 2025. 11:41 • 2 daq

248
To'rt davlat bir kunda Falastinni tan olib, mintaqada o't ochishni to'xtatishga chaqirdi

TOSHKENT, 22-sentabr. /"Dunyo" AA/. Avstraliya, Buyuk Britaniya, Kanada va Portugaliya bir kunda Falastin davlatini tan olganini e'lon qildi va mintaqada zudlik bilan o't ochishni to'xtatishga chaqirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri "Euronews" ma'lumotiga tayanib.

Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Belgiya va Portugaliyani o'z ichiga olgan bir guruh davlatlar BMT Bosh Assambleyasining bugun ochiladigan yillik sessiyasi oldidan Falastinni davlat sifatida tan olish rejalarini oldindan e'lon qildi.

"Bugun falastinliklar va isroilliklar uchun tinchlikka va ikki davlat asosidagi yechimga umidni qayta tiklash maqsadida, Birlashgan Qirollik Falastin davlatini rasman tan oladi", – dedi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer o'zining videomurojaatida.

Kanada Bosh vaziri Mark Karni o'zining X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida shunday yozdi: "Kanada Falastin davlatini tan oladi va ham Falastin davlati, ham Isroil davlati uchun tinch va farovon kelajak qurishda o'z hamkorligini taklif etadi".

Shundan so'ng, Portugaliya tashqi ishlar vaziri Paulu Ranjel ham Falastin davlatini tan olganini e'lon qildi.

Bunga javoban Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu "Bu amalga oshmaydi. Iordan daryosining g'arbida hech qanday Falastin davlati tashkil etilmaydi" – deya bayonot berdi. Isroil rahbariyati urush boshlanganidan buyon bunday imkoniyatni muntazam ravishda rad etib keladi.

Isroil TIV Falastin davlatini tan olish "Buyuk Britaniyadagi "Musulmon birodarlar" harakatidagi ittifoqchilari tomonidan ruhlantirilishga HAMAS tashkiloti uchun mukofotdan boshqa narsa emas", – deya bayonot berdi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp ham ilgari Falastin davlatini tan olish HAMASni rag'batlantirishi mumkinligini aytgan edi. Biroq, Kir Starmer bilan bo'lib o'tgan qo'shma matbuot anjumanida u faqatgina shu masalada Bosh vazir bilan "kelishmovchiliklari" borligini ta'kidlagan edi.

Hozirda Falastinni BMTga a'zo 193 davlatning taxminan uchdan to'rt qismi, jumladan, O'zbekiston ham tan olgan. Biroq, Falastinning xalqaro tan olingan chegaralari, poytaxti va armiyasi yo'q.

Eslatib o'tamiz, hozirda Isroil G'azo sektoriga hujumlarni davom ettirmoqda. Sektor sog'liqni saqlash organlarining ma'lumotlariga ko'ra, deyarli ikki yildan beri davom etayotgan urush natijasida Falastin aholisining katta qismi o'z uylarini tark etishga majbur bo'lgan, halok bo'lganlar soni esa 65 mingdan oshgan.

"Anadolu" axborot agentligi saytidan olingan surat.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish