Logo

Chimkentda hamyurtlar uchun sayyor konsullik qabuli bo‘lib o‘tdi

Fevral 26, 2026. 14:31 • 54 soniya

3
Chimkentda hamyurtlar uchun sayyor konsullik qabuli bo‘lib o‘tdi

CHIMKENT, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Chimkent shahri, Jambil va Turkiston viloyatlarida vaqtincha istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun navbatdagi sayyor konsullik qabuli o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir davomida jami 250 ga yaqin vatandoshimizga bevosita konsullik va huquqiy xizmatlar ko‘rsatildi.

Murojaatlarning asosiy qismi pasport tizimi, fuqarolik masalalari va hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Xususan, 25 nafar fuqaroga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishda ko‘maklashilgan bo‘lsa, 29 kishiga O‘zbekistondan zarur hujjatlarni talab qilib olish bo‘yicha amaliy yordam berildi.

Qabul jarayonida fuqarolikka mansublikni aniqlash va fuqarolikdan chiqish masalalari bo‘yicha 107 nafar, Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish yuzasidan 23 nafar hamyurtimizning murojaati qanoatlantirildi. Qolgan fuqarolarga esa O‘zbekiston qonunchiligidagi yangiliklar va turli huquqiy masalalar yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.

Vatandoshlarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bu kabi g‘amxo‘rlik va qulayliklarni yuqori baholab, sayyor qabullarni muntazam ravishda tashkil etish borasidagi istagini bildirdi.

Bu kabi tadbirlar xorijdagi hamyurtlarimizning huquqiy himoyasini kuchaytirish va ularning muammolarini tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish