O‘zbekiston Prezidenti Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotidagi modernizatsiya ishlarini ko‘zdan kechirdi
Fevral 26, 2026. 14:25 • 3 daq
• 15
TOSHKENT, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Termiz shahrida “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, keyingi yillarda mamlakatimizda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu 287 million dollarlik megaloyiha ham sohada erishilayotgan natijalardan biri sanaladi.
Mazkur tashabbus doirasida o‘tgan yillar davomida katta hajmdagi qurilish, montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilyapti.
Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov sakkiz-to‘qqiz yil oldin 47 foiz edi. Bugun ushbu raqam 67,5 foizgacha oshishiga erishildi. Natijada aholining suv taʼminotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilandi.
Prezident bu kabi yirik energetik, texnologik va ijtimoiy samarador loyihalarni qo‘llab-quvvatlash har jihatdan zarurligini taʼkidladi. Bunday tajribalarni kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham qo‘llash mumkinligiga eʼtibor qaratdi.
Texnik jihatdan loyihaning katta yutug‘i 246 kilometr magistral va ichki tarmoqning barpo etilishi bo‘ldi. Muhimi, gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat energiya sarfini keskin kamaytirdi, balki tizimning barqarorligini taʼminlaydi. Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazib berilyapti.
Mazkur tashabbus ortidan bugungi kunda 223 ta mahallada obihayot taʼminoti mustahkamlandi. Suvning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirildi. Sifatning ortishi aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddati uzayishida muhim omil hisoblanadi.
“Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi esa tizimning real vaqtda nazorat qilinishiga sharoit yaratdi. Bosim pastlashi, avariya holatlari, suv yo‘qotish kabi masalalarni bir necha daqiqada aniqlash imkoniyati tug‘ildi.
Suv taʼminoti yaxshilangani sababli hududlardagi yuzdan ortiq yer osti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytiradi.
Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi. Bu mablag‘ va resurs jihatidan 18,5 milliard so‘m iqtisod qilinishini anglatadi. Isteʼmolchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirdi, qarzdorlikni kamaytirdi.
Yana bir muhim jihati, bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya ko‘rsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Viloyatda hali yechilmagan suv taʼminoti masalalarini tezkor hal etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Xususan, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
